O‘zbekiston | 21:00 / 26.07.2021
15158
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zkomnazorat” Wechat tarmog‘iga ham cheklov qo‘ygani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekistonda faoliyatiga cheklov qo‘yilgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar soni 5tani tashkil etmoqda. Bu ro‘yxat kengayishda davom etishi mumkin.

Foto: Dado Ruvic / Reuters

“O‘zkomnazorat” TikTok, Twitter va VKontakte ijtimoiy tarmoqlari hamda Skype messenjeridan tashqari, Wechat ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan ham cheklovlar joriy qilgan.

Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestridan ma'lum bo‘lishicha, beshala platformaga nisbatan cheklovlar bir kun – 2 iyulda joriy etilgan. Shu kuni ularga taqdimnoma ham yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Toshkent ijtimoiy tarmoqlar va internet-servislardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlashni talab qilmoqda.

Bunday talab qo‘yilishiga 16 apreldan kuchga kirgan yangi qonun asos sifatida keltirilyapti.

Jamoatchilik faollari bu qonunga nisbatan tanqidiy munosabat bildirib kelmoqda.

Tarmoqlarga cheklov qo‘yilishi ortidan mamlakatda VPN servislardan foydalanish ko‘lami sezilarli ortgan. Buning ortidan yuzaga keladigan ehtimoliy xavflar masalasida mas'ullar sukut saqlamoqda.

Shu oyda BMT Inson huquqlari kengashi internetga nomaqbul cheklovlar qo‘yilishini qoralab, rezolyutsiya qabul qildi.

“Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunchilikni buzuvchi, xususan fuqarolarning internetda axborot izlash, olish va tarqatish huquqlariga daxl qiluvchi, shuningdek, internetni yopib qo‘yish va onlayn senzura kabi choralarni shubhasiz qoralaymiz; barcha davlatlarni bu kabi xatti-harakatlardan tiyilishga va bu kabi xatti-harakatlarni to‘xtatishga chorlaymiz”, – deya qayd etilgan rezolyutsiyada.

BMT chaqirig‘iga ko‘ra, hukumatlar internet bilan bog‘liq turli salbiy holatlarning oldini olishda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini nazardan qochirmasliklari kerak; internetga kirish ochiq, ishonchli va xavfsiz bo‘lishi lozim.

Mavzuga oid