O‘zbekiston | 19:45 / 31.07.2021
9858
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk marta “Xalqlar do‘stligi” kuni nishonlandi

30 iyul kuni “Xalqlar do‘stligi” kuni munosabati bilan Toshkentda tantanali tadbir tashkil etildi. Unda prezident farmoni bilan mukofotlangan bir guruh jamoatchilik vakillari orden, medal va ilk marta “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu yil 10 fevralda prezident Shavkat Mirziyoyev “Xalqlar do‘stligi” kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Shu munosabat bilan 30 iyul kuni O‘zbekistonda ilk bora “Xalqlar do‘stligi” kuni nishonlandi.

Poytaxtda bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat nomidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va prezident maslahatchisi Abduvohid Abdujabborov ishtirok etdi.

Tadbirga millatlararo do‘stlik va hamjihatlik sohasida uzoq yil mehnat qilgan davlat va jamoat arboblari hamda O‘zbekistonda yashayotgan turli millat va elat vakillari taklif qilindi.

Tadbir avvalida Senat raisi Tanzila Norboyeva prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xalqlar do‘stligi” kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Prezident farmoniga muvofiq, bir guruh jamoat arboblari va faollar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng, joriy yilning 1 iyunida ta'sis etilgan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ham o‘z egalariga topshirildi.

Kun.uz muxbiri “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonining ilk sovrindori Qashqadaryo viloyati arab milliy-madaniy markazi rahbari Niyozmuhammad Panjiyev bilan suhbatda bo‘ldi.

“Arab milliy-madaniy markazining faoliyati arab millatiga mansub aholining tarixi, ularning etnik o‘ziga xosliklari haqida gapirganimda bir narsa xayolimga keladi: Sharqdagi musulmon xalqlarning ming yillik tarixi arab tili va yozuvi bilan bog‘liq. O‘zbekistonda yashayotgan arab millatiga mansub aholining tarixini O‘zbekistonda yashayotgan boshqa xalqlar tarixi bilan ajratib bo‘lmaydi. Qaysi mamlakatda huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lsa, millatlararo tinchlik bo‘ladi”, – deydi u.

Ma'lumot uchun, har yili “Xalqlar do‘stligi” kunida topshiriladigan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ham to‘lanadi.

Taqdirlanganlar ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishing.

Mavzuga oid