Jahon | 20:28 / 02.08.2021
6100
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyada rekord darajadagi issiq havo sababli yirik yong‘inlar yuz berdi

Gretsiyada anomal issiq havo sababli yirik o‘rmon yong‘inlari yuz berdi. Mamlakatning ba'zi hududlarida joriy haftada havo harorati 47 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar Peloponnes yarimoroli va Rodos orolidagi yirik yong‘inlarni bartaraf etishga harakat qilishmoqda. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisning ta'kidlashicha, mamlakat 1987 yildan beri eng kuchli jaziramaga to‘qnash keldi.

Peloponnesning Axeya regionida 31 iyulda boshlangan yong‘in 3 ming gektardan ko‘proq maydondagi qarag‘ayzorlar va zaytunzorlarni qamrab olgan. 1 avgust holatiga ko‘ra, bu yerda yong‘inni nazorat ostiga olishning uddasidan chiqilmagan.

Hukumat dengiz bo‘yidagi 5ta aholi punkti aholisini evakuatsiya qilgan. Kamida 8 kishi kuyish jarohatlari va nafas yo‘llari shikastlanishi bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Shu bilan Rodosdagi yong‘inlar “deyarli nazorat ostiga olingani” ma'lum qilingan. 1 avgust kuni orolning sayyohlar orasida ommalashgan “Kapalaklar vodiysi” deb ataluvchi markaziy regioni aholisi evakuatsiya qilingan.

Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab arxeologik yodgorliklar xodimlar va tashrif buyuruvchilarni issiq havodan himoyalash maqsadida o‘z ishini to‘xtatish haqida ko‘rsatma olgan.

Meteorologlarning ogohlantirishicha, harorat kamida hafta oxirigacha juda yuqori bo‘ladi.

Afina observatoriyasining tadqiqotlar bo‘yicha direktori Kostas Laguvardosning ta'kidlashicha, mamlakatda hozirda hukm surayotgan issiq havo oxirgi 35 yil ichidagi eng kuchlilaridan biri hisoblanadi.

Ta'kidlanishicha, Gretsiyada 1987 yildan beri 10ta uzoq davom etuvchi issiq havo yuz bergan. Ulardan 2tasi joriy yilda kuzatilgan. Mutaxassislarning aytishicha, bunday issiq havo tobora ko‘proq yuz beradi va uzoqroq davom etadi.

Shuningdek, Gretsiyaga qo‘shni Turkiyada 6 kundan beri o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid