O‘zbekiston | 11:22 / 02.08.2021
39612
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning yana bir tumaniga IIV vakili hokim bo‘ldi

Ichki ishlar vazirligi Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Azizxon Umarxonov Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimligiga tayinlandi.

Bugun, 2 avgust kuni Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Olmazor tumani hokimi lavozimiga Azizxon Sharipxonovich Umarxonov nomzodini Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi sessiyasida tasdiqlash uchun tavsiya etdi.

Deputatlar reglamentga muvofiq, Olmazor tuman hokimi lavozimiga Azizxon Umarxonovning nomzodini bir ovozdan ma'qulladi.

A.Umarxonov 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasini tamomlagan va shu yillar davomida tizimda faoliyat yuritgan. 

2020 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i (Respublika PPX rahbari) lavozimida ishlab kelayotgandi.

Olmazor tumanining avvalgi hokimi Abdumajid Mullajonov ham ichki ishlar organlaridan chiqqan rahbar edi, u shu yilning iyun oyi o‘rtalarida o‘z uyida o‘tkir yurak miokard infarktidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining Chilonzor tumaniga ham IIV vakili hokim etib tayinlangan - shu yilning iyunida tumanga rahbarlik qilishni boshlagan Shavkat Mavlonov muqaddam Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagandi.

Mavzuga oid