Vaksinalar: qaysi davlat qancha buyurtma bergan?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki guruhlari, Xalqaro valuta fondi va Jahon savdo tashkiloti yetakchilari ishtirokidagi ishchi guruh yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurash instrumentlaridan biri sifatida vaksinalarga doir muhim ma'lumotlar e'lon qilindi.
Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro valuta fondi hamkorligida tayyorlangan ma'lumotlar bazasida koronavirusga qarshi vaksinalarning hududlar va davlatlar bo‘ylab tarqalishi haqida ma'lumotlar keltirilgan.
Ma'lum qilinishicha, bu ma'lumotlar bazasi davlatlarning vaksina ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan tuzgan ikki tomonlama shartnomalari, davlatlarning yuborgan yordamlari (boshqa davlatlarga), COVAX, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa ko‘p tomonlama shartnomalar orqali tarqatilayotgan/sotilayotgan vaksinalar sonini kuzatib borish imkonini beradi.
Raqamlar COVAX, UNICEF, Duke global salomatlik innovatsion markazi, Our World in Data, Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki, African Vaccine kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan e'lon qilingan ochiq ma'lumotlarga asoslanadi.
Hamkorlar, sheriklar va yetkazib beruvchi davlatlar va korxonalarning moliyaviy imkoniyatlari va hududlardagi immunizatsion vaziyatdan kelib chiqib, bu raqamlar o‘zgarib turishi mumkin. Shulardan kelib chiqib, ma'lumotlar bazasi har hafta yangilab turiladi.
Mutlaq ustunlik rivojlangan davlatlarda
Bazada keltirilgan raqamlarga e'tibor qaratilsa, deyarli barcha Yevropa mamlakatlari, Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari va Avstraliya o‘z aholisiga 100 foiz yetib, ortib qoladigan vaksina zaxiralariga buyurtma bergan yoki allaqachon qo‘lga kiritgan.
Xususan, bu borada Kanada yaqqol yetakchilik qilmoqda. 37 million atrofida aholiga ega mamlakat ishlab chiqaruvchilar bilan 154 milliondan ortiq vaksina yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu aholini 412 foiz vaksinalashga yetadi.
Keyingi o‘rinda Yangi Zelandiya. Hukumat 4,8 million aholi uchun 16 milliondan ortiq vaksinaga buyurtma bergan – 335 foiz.
Kuchli uchlikdan Italiya ham joy olgan. 60 milliondan biroz oshadigan italyanlar uchun 200 million dona vaksina buyurtma qilingan. Bu mamlakat aholisini 332 foiz vaksinalashga yetadi.
Shuningdek, AQSh 300 milliondan ortiq aholisi uchun 800 million dona vaksina buyurtma qilgan bo‘lsa, Germaniya 83 million aholisi uchun 244 million dona vaksina buyurtma qilgan.
Shuningdek, deyarli barcha Yevroittifoq vakillari, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Filippin, Nepal, Turkiya, Misr, Marokash Braziliya, Boliviya, Peru, Chili, Avstraliya kabi davlatlari o‘z aholisiga 100 foizdan ortiq yetib ortadigan zaxiradagi vaksina dozalariga buyurtma bergan yoki allaqachon ularni qo‘lga kiritgan.
Koronavirusning ilk o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy bergan vaksina buyurtmalari esa 1,5 milliarddan ortiq aholining 70 foizini qamrab olishga mo‘ljallangan. Ayni damda Xitoy, nafaqat o‘zi balki boshqa davlatlarga, xususan O‘zbekistonga ham vaksina yetkazib bermoqda.
Aholisi 1 milliarddan oshuvchi va 2021 yilda koronavirusning og‘irroq shtammi aniqlangan Hindiston ham 71 foiz aholisi uchun yetadigan vaksinalarga buyurtma qilgan.
Vaksinatsiya bilan bog‘liq vaziyat uchinchi dunyo davlatlari – Afrika qit'asi, MDH davlatlari va g‘arbiy Osiyoda unchalik havas qilarli darajada emas.
Xususan Afrika va arab davlatlari orasida aholi boshiga buyurtma qilingan yoki sotib olingan vaksinalar 30-40 foiz atrofida bo‘lsa, MDHda bu ko‘rsatkich juda xilma-xil – 17 foizdan 89 foizgacha.
Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman MDH doirasida O‘zbekiston aholi soniga nisbatan vaksinalar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Ma'lumotlar bazasida O‘zbekiston 34 milliondan ortiq aholisining 89 foizi uchun yetarli miqdorda vaksinalarni olgani yoki buyurtma bergani yozilgan.
Qo‘shnilarimiz orasida Qozog‘iston ham yaxshi natijalarga ega: hukumat 19 millionga yaqin aholisining 70 foiziga yetadigan vaksinalarga buyurtma bergan. 9,5 million aholiga ega Tojikiston 48 foizga, 6,5 million aholiga ega Qirg‘iziston esa 38 foiz aholisiga yetarli darajada vaksinaga ega bo‘lishi mumkin.
Turkmaniston esa 6 milliondan ortiq aholisining bor-yo‘g‘i 1 foiziga yetadigan vaksina oladi.
Turkmaniston Belarus, Armaniston, Venesuela kabi davlatlar qatorida aholi soniga nisbatan vaksinaga buyurtma bergan davlatlarning eng pastki o‘rnidan joy olgan.
Ta'kidlanishicha, ushbu ma'lumotlar hali yetkazib berilmagan yoki ishlab chiqarilmagan vaksinalarni ham o‘z ichiga olgani uchun taxminiy hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:38 / 15.12.2021
YeI mamlakatlarida 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlash boshlandi
09:30 / 09.09.2021
Shimoliy Makedoniyada COVID-shifoxonada chiqqan yong‘inda 10 kishi halok bo‘ldi
15:05 / 06.09.2021
Koronavirusning myu shtammi antitanalar himoyasini chetlab o‘tish xususiyatiga egaligi aytildi
21:43 / 02.09.2021