Iqtisodiyot | 22:39 / 06.08.2021
32711
3 daqiqa o‘qiladi

Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasi 252 mln dollarga xususiylashtirildi

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi davlatning 57,118 foiz ulushi Turkiyaning “Coca-Cola İçyecek A.Ş.” kompaniyalar guruhiga sotilmoqda. Kelishuv qiymati – 252,28 mln dollar.

Foto: Reuters

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ (Kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118 % davlat ulushini “Coca-Cola İçyecek A.Ş.” (CCI) kompaniyalar guruhiga, unga to‘liqligicha qarashli bo‘lgan “CCI International Holland B.V.” shu'ba korxonasi orqali 252,28 million AQSh dollariga sotish (Bitim) bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma'lum qildi.

Bitim Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma'qullangan.

Bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qiladi.

“Mazkur bitim xalqaro amaliyotda qabul qilingan va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF–6096-son Farmoniga asosan, ommaviy oshkora sotuv jarayoni shaklida tashkil etildi.

Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni “Rothschild & Co” agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Coca-Cola kompaniyasi haqida

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ – O‘zbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya bo‘lib, u Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida ishlab chiqarish zavodlariga, shuningdek omborxonalar tarmog‘iga ega.

2020 yil yakunlari bo‘yicha kompaniyaning sof foydasi 205 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi kompaniyaning sotilishi bo‘yicha qo‘shimcha axborot berishini ma'lum qilgan.

“Coca-Cola İçyecek A.Ş.” kompaniyalar guruhi haqida

Telegram'dagi davletovuz kanali ochiq manbalarga asoslanib xaridor haqida ayrim ma'lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, Coca-Cola İçecek A.Ş. kompaniyasining 50,3 foiz aksiyasiga Anadolu Efes, 20,1 foiziga The Coca-Cola Company, 3,7 foiziga Özgörkey Holding egalik qiladi. Qolgan 25,9 foizi Turkiya birjasida kotirovka qilinadi.

Kompaniya Turkiya, Ozarboyjon, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Iordaniyada faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid