O‘zbekiston | 18:43 / 11.08.2021
792
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qarzdor ota farzandlari uchun 50 million so‘m aliment to‘ladi

Samarqand shahrida yashovchi ota farzandlari uchun 50 million so‘m aliment to‘lab bergan. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari Samarqand shahar sudining qaroriga asosan qarzdor A.X.dan undiruvchi M.S.ning foydasiga uch nafar farzandi ta'minoti uchun daromadning ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Sud qaroriga asosan MIB Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 21, 87-moddalariga asosan tegishli tashlikotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan ma'lumotlarga asosan uning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.

Ushbu ijro hujjati yuzasidan qarzdor ancha vaqtdan buyon aliment pullarini to‘lamasdan kelgani sababli, aliment qarzi 50 million so‘mni tashkil etgan.

Daromadi bo‘lmagan, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash kerakligi inobatga olinib, MIB xodimlari tomonidan qarzdor A.X. bilan tushuntirish o‘tkazilgan. Farzandlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani unga tushuntirilgan.

Bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandlarining ta'minotini o‘ylab, 50 million so‘m aliment pullarini to‘lab bergan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid