Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga “Kelajakka xiyonat” bobini kiritishni taklif qildi
“Ushbu bobda bolalar bog‘chasi, maktab va oliygohlarda vazifasiga xiyonat qilayotganlar, bolalarimizning haqqi va vaqtini o‘g‘irlayotganlarga nisbatan choralar belgilanishini taklif qilaman”, – deya yozdi prezidentlikka nomzod.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 30 nafar bolaning zaharlanishi ayni paytda jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Voqea yuzasidan fikr bildirgan “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning fikricha, o‘nlab bolalarning zaharlanishi – ta'lim sohasida “kelajakka xiyonatchilar” ham aralashib yurgani natijasidir.
“Ta'lim-tarbiya – kelajak shakllanadigan soha. Bu yerda kelajakni shakllantiradigan fidoyilar ishlaydi va ular qahramonlardir.
Shu bilan birga, sohada kelajakka xiyonatchilar ham aralashib yuribdi. Bolaning sog‘lom, tarbiyali va bilimli bo‘lishini tashkil qilishdek mas'uliyat yuklangan inson bolalarning ozuqasini o‘g‘irlasa, sifatlisini “vijdonsizlarcha” o‘zi yeb, bolalarga qoldiqlarini yoki eskiroqlarini yedirib yuborsa. Bilim o‘rniga bolalar tafakkuriga “xatolar paketi” yoki “bo‘shliq”ni joylasa. Pulini olib, qulab tushadigan ko‘prikni loyihalaydigan muhandisga “a'lo”ni bosib bersa... Bu toifa inson bu qadar mas'uliyatli joyda nima qilib yuribdi, degan savol tug‘ilishidek tabiiy nima bor?
Men Jinoyat kodeksiga “Kelajakka xiyonat” bobini kiritishni va ushbu bobda bolalar bog‘chasi, maktab va oliygohlarda vazifasiga xiyonat qilayotganlar, bolalarimizning haqqi va vaqtini o‘g‘irlayotganlarga nisbatan choralar belgilanishini taklif qilaman.
Takror aytaman, bu sohada qahramonlar ishlashi kerak. Va ularning maoshlari ham, mehnat sharoitlari ham eng yuqori darajada bo‘lishi shart”, – deb yozadi Qodirov o‘z Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilmoqda.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
20:58 / 04.11.2024
Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari kuchaytiriladi
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
16:23 / 29.08.2024