O‘zbekiston | 15:03 / 17.08.2021
22939
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston valutasi «quladi»

Afg‘oniston milliy valutasi kursining pasayishi qatorasiga to‘rtinchi kun davom etmoqda.

Foto: Bloomberg

Afg‘onistondagi ziddiyat milliy valuta - afg‘oniyni rekord daraja past ko‘rsatkichga tushirib yubordi. 17 avgust, seshanba kuni afg‘on valutasi 1,7 foizga pasayib, bir dollar uchun 83,50 afg‘oniyni tashkil etdi. O‘tgan hafta juma kuni kurs 1 dollar uchun 80,75 afg‘oniyni tashkil qilgandi, deb xabar beradi RBK.

Afg‘oniston Markaziy banki rahbari vazifasini bajaruvchi Ajmal Ahmadiy 15 avgust, yakshanba kuni, «Tolibon» jangarilari poytaxt Kobulni egallab, prezident saroyiga kirgani hamda Afg‘oniston ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e'lon qilganidan keyin mamlakatni tark etdi. 

Xuddi shu kuni prezident Ashraf G‘ani iste'foga chiqdi va o‘tish davri hukumatini tuzmasdan mamlakatdan qochib ketdi. Shundan so‘ng, sobiq hukumatning yuqori lavozimli amaldorlari ko‘pchiligi va ko‘plab afg‘on siyosatchilari ham mamlakatni tark etishdi. 

Toliblar AQSh harbiy kontingenti Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan keyin hujumga o‘tdi. Iyul oyi boshida Pentagon o‘z qo‘shinlarining 90 foizi mamlakatdan olib chiqilganini e'lon qildi. 

Afg‘onistondagi tartibsizliklar ta'siri Pokiston bozorlariga ham tarqaldi. Pokistonning 2031 yilda to‘lanadigan suveren dollar obligatsiyalari dushanba kuni 1,8 sentga arzonlashib ketdi, bu hukumat mart oyida obligatsiyalarni joylashtirganidan buyon eng katta pasayish.
 
Bloomberg Barclays indeksiga ko‘ra, dushanba kuni Pokiston dollar obligatsiyalari Osiyoda eng ko‘p yo‘qotishni qayd etdi. Investorlar holat Pokistondagi vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligidan, shuningdek, «global kuchlar Pokistonni yakkalatib qo‘yishga urinishi mumkinligidan» xavotirga tushdi, sababi bu mamlakat «Tolibon»ni qo‘llab -quvvatlashi to‘g‘risida turli gap-so‘zlar tarqaldi, dedi Arqaam Capital eksperti Abdulqodir Husayn Bloomberg agentligiga. 

Avvalroq, O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro obligatsiyalari investorlar Afg‘oniston inqirozi oqibatlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda bosim ostida qolgani ma'lum qilingandi.

Financial Times nashriga ko‘ra, O‘zbekistonning 2030 yilda to‘lanadigan dollarlik obligatsiyalari esa qariyb chorak foizga kamaydi. 

«Tashvishga solayotgan bir nechta jihatlar bor. Ulardan biri - qochqinlar inqirozi», deya aniqlik kiritdi LGIM’ning rivojlanayotgan davlatlar qarz majburiyatlari bo‘limi rahbari Uday Patnaik. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda fond O‘zbekiston va Tojikiston tomonidan chiqarilgan obligatsiyalarning o‘zi egalik qiluvchi zaxiralarini qisqartirdi.

FT’ning tushuntirishicha, bozorda asosiy e'tibor Afg‘onistonning qo‘shnilariga qaratilgan, sababi mamlakatning o‘zi xalqaro bozorda qarz majburiyatlariga ega emas, hokimiyatdan chetlatilgan hukumat esa mablag‘larining katta qismini Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi kabi donorlardan olgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid