Toshkentdagi mahalliy aeroport vaqtincha yopilmoqda. Bu Kobuldan evakuatsiya jarayoni bilan bog‘liq
«Toshkent-3» aeroportining mahalliy terminali Kobuldan Toshkent orqali tranzit qiluvchi Germaniya, Yevropa ittifoqining boshqa mamlakatlari va Afg‘oniston fuqarolarining to‘xtovsiz evakuatsiyasini ta'minlash uchun ajratilgan.
«Toshkent-3» aeroporti noma'lum muddatga yopilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways axborot xizmati xabar berdi.
«2021 yil 19 avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar amalga oshiriluvchi «Toshkent-3» aeroporti texnik sabablarga ko‘ra noma'lum muddatga yopiladi.
Barcha respublika bo‘ylab amalga oshiriluvchi aviaparvozlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan jadvalga muvofiq bajariladi», deyilgan xabarda.
Uzbekistan Airways keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Transport vazirligining xabar berishicha, aeroportning mahalliy terminalini Kobuldan Toshkent orqali tranzit qiluvchi Germaniya, Yevropa ittifoqining boshqa mamlakatlari va Afg‘oniston fuqarolarining to‘xtovsiz evakuatsiyasini ta'minlash uchun ajratilgan.
«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer o‘rtasida telefon orqali o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Germaniya, Afg‘oniston va YeI davlatlari fuqarolarini Toshkent aeroporti orqali tranzit evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Belgilangan fuqarolarni evakuatsiya qilish tadbirlarining uzluksizligini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan alohida terminal ajratildi. Shu munosabat bilan mahalliy va xalqaro reyslarning uchib ketish va uchib kelish joyi hamda parvozlar jadvaliga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin», deyiladi xabarda.
Bu borada yana qo‘shimcha ma'lumot berilishi aytilgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham holat yuzasidan izoh berdi.
«Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Germaniya Federativ Respublikasiga Afg‘onistondan Germaniya fuqarolarini, shuningdek Germaniyaning Afg‘onistondagi diplomatik missiyasiga xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlar – Afg‘oniston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonida texnik ko‘mak ko‘rsatadi.
Evakuatsiya qilinganlarning barchasi Germaniyaga ketgunga qadar aeroport tranzit hududida bo‘lishadi», deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan telefon orqali muloqot qilgan, unda Afg‘onistondan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik ham davom ettirilishi qayd etilgandi.
O‘tgan vaqt ichida Germaniya harbiylari Kobuldan ikki reys orqali 400dan ortiq kishini olib chiqishgan.
Mavzuga oid
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
22:49 / 05.11.2024
Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan samolyot ikki marta favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
21:13 / 20.10.2024