Jahon | 08:24 / 18.08.2021
11399
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi toliblar bilan muloqot olib borishga tayyorligini ma'lum qildi

Yevropa Ittifoqi “Tolibon” Afg‘onistondagi urushda g‘alaba qozonganini tan oladi, biroq uning hokimiyatini tan olmoqchi emas. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi masalalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ittifoq davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha videoanjumanida ma'lum qildi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi migratsiya va gumanitar inqirozlarning oldini olish uchun toliblar bilan muloqot boshlashga tayyor. 

“Tolibon” urushni yutdi, shu sababli biz migratsiya va gumanitar inqirozning oldini olish uchun Kobuldagi yangi hokimiyat kimlar bo‘lishidan qat'i nazar, ular bilan muloqot qilishimiz lozim. Gap faqat muloqot haqida bormoqda, “Tolibon”ni tan olish haqida emas”, deb aytgan Borrel.

Uning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettiradi. “Afg‘oniston xalqi insonparvarlik yordamiga o‘ta muhtoj, bunday yordam hech narsaga qaramay ko‘rsatilmoqda. Bu iqtisodiy yordamga taalluqli emas, uning ajratilishi Afg‘onistonning yangi hokimiyati xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan YeI vakili.

Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqining hozirdagi ustuvor vazifasi “ittifoq bilan hamkorlik qilgan afg‘on fuqarolarini evakuatsiya qilish hisoblanadi”.

15 avgust kuni “Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Kobulga kirib, mamlakat rahbariyatiga hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishni taklif qildi. Shundan keyin Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani iste'foga chiqib, mamlakatni tark etdi, toliblar esa butun mamlakat bo‘ylab nazorat o‘rnatganini e'lon qildi.

Mavzuga oid