O‘zbekiston | 15:33 / 20.08.2021
25042
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident temir yo‘l sohasidagi monopoliyani qattiq tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida temir yo‘l sohasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan monopoliya o‘rnatilganiga e'tibor qaratib, bu holatga barham berish zarurligi haqida gapirdi va germaniyaliklarga ham «aql o‘rgatadigan» mahalliy rahbarlarni qattiq tanqid qildi.

«Raqobat, xususiy sektor kirmasa, temir yo‘l monopoliyasini topshirmaydi, sifati o‘zgarmaydi, narxi kamaymaydi.

Biz besh yil davomida o‘rgandik, hali raqamlashtirish bo‘yicha katta ishlar qilish kerak. Germaniyadan mutaxassislar olib kelganman, lekin Germaniyadagilarga ham bas kelmoqchi bo‘ladi temir yo‘lchilar kerak bo‘lsa... u yerda noto‘g‘ri emas...

Ular kelib bizdan o‘rgansin deydi, bir-ikki noinsoflar bor. Og‘ir... Lekin endi Hosilovga («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi Husniddin Hosilov) o‘xshagan kattakonlar dunyoqarashi o‘zgarmasa, uni o‘zgartirishga majbur bo‘laman. Shuning uchun, yana bir yil sinov ularga.

E, kelmaydi bizga xususiy sektor deydiganlar noto‘g‘ri aytadi. Kerak bo‘lsa o‘zing tashkil qilasan, o‘zing kredit olasan, o‘zing banklarga yalinasan. Ikki-uchta xususiy sektorni kirgizasan.

Katta davlatlarda katta-katta logistika kompaniyalari bor, shularni olib kelasan O‘zbekistonga, raqobat qiladi. Keyin ular sening monopoliyangni yo‘q qilish uchun arzonroq, tezroq, sifatli qilib, joyiga, tadbirkorning omborxonasiga olib borib beradigan qiladi.

Dunyoda shunaqa-ku?! Bizning temir yo‘l esa faqat «jo‘q» deyishni biladi, «jo‘q» deydi. Hamma narsa «jo‘q». Bor bo‘ladigan qilsang ishlaysan, «jo‘q» bo‘lsa, o‘zing ham «jo‘q» bo‘lasan, tamom», deydi davlat rahbari.

Yig‘ilishda Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliya qo‘mitasi bilan birga ikki oy muddatda temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha topshiriq berildi.

«Tadbirkorlarga o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo‘lishi kerak.

Shuningdek, Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e'lon qilib boradi.

Temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga o‘xshab, faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin.

Shuning uchun, kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi.

Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi.

Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi», degan prezident.

Mavzuga oid