O‘zbekiston | 08:04 / 25.08.2021
2225
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati baholanadi 

Hukumat qarori bilan Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sektorlar faoliyatini baholash bir yilda bir marotaba – hisobot yilidan keyingi yilning 1 fevraliga qadar amalga oshiriladi. Natijasi bo‘yicha tahliliy ma'lumotnoma Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladi. 

Baholash natijasiga ko‘ra tuman, shahar sektorlari o‘rtasida respublika darajasida – “eng namunali sektor” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida – “eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi va rag‘batlantiriladi.

Baholash quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

  • “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan ishlash natijadorligi;
  • “mahallabay” ishlash tizimining yuritilishi holati;
  • iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish darajasi;
  • tadbirkorlikni rivojlantirish;
  • jinoyatchilikni kamaytirish va ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish;
  • murojaatlar bilan ishlash samaradorligi.

Shunga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan sektorlar quyidagicha rag‘batlantiriladi:

“Eng namunali sektor” nominatsiyasida: 

  • 1-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari;
  • 2-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari;
  • 3-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida pul mablag‘i.

“Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasida:

  • 1-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
  • 2-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
  • 3-o‘rin – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mablag‘i.

Sektorlar faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha “sektor.reyting.uz” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishga tushiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid