Jahon | 21:08 / 27.08.2021
12069
2 daqiqa o‘qiladi

Kobul aeroportidagi terakt qurbonlari soni 170 nafarga yetdi

Foto: MARCUS YAM/LOS ANGELES TIMES

Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Kobul aeroportidagi teraktlar qurbonlari soni 170 nafarga yetdi, ularning aksariyati Afg‘oniston fuqarolari, deb xabar berdi CBS News telekanali.

Portlashda halok bo‘lgan 13 amerikalikdan 10 nafari dengiz-piyoda harbiysi bo‘lgan, deya qo‘shimcha qildi telekanal. Shuningdek, 18 nafar amerikalik harbiy yaralangan. Pentagon AQSh fuqarolarining o‘limini tasdiqladi.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 32 erkak, 3 ayol va 3 bola bor, yana 132 kishining shaxsi hali aniqlanmagan.

Avvalroq terakt oqibatida 110 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan edi.

27 avgustda AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Frenk Makkenzi Kobuldagi harbiylar yangi teraktlarga tayyor ekanini ma'lum qildi.

26 avgustda Kobul aeroporti yaqinida bir qator portlashlar yuz berdi. Terakt xudkushlar va minalashtirilgan mashinalar yordamida sodir etilgan. Bu vaqtda aeroportda minglab afg‘onlar mamlakatdan chiqib ketish imkonini poylab turgan. Bundan bir kun avval AQSh va Britaniya maxsus xizmatlari aeroport hududida teraktlar sodir etilishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Mavzuga oid