Xorazmda 101 yoshli momoga davlat mukofoti topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan bir guruh yoshi ulug‘ insonlar «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.
Ular orasida Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qumravot mahallasida istiqomat qiluvchi 101 yoshli Bekposhsha Ibragimova ham bor.
Bolalik va yoshlik yillari urushning og‘ir sinovlari, ocharchilik hamda qatag‘on davriga to‘g‘ri kelgan onaxon bugungi kunda 8 nevara, 20 chevara, 4 evara ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
Mustaqillikning 30 yillik bayrami arafasida viloyat hokimi Farhod Ermanov, davlat va jamoat tashkilotlarining bir guruh vakillari hamrohligida onaxonga davlat mukofoti topshirildi.
Bekposhsha momo duoga qo‘l ochib, yuksak e'tibor uchun Prezidentga minnatdorchilik bildirdi, yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun duo qildi.