Jahon | 18:08 / 01.09.2021
36123
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Panjsher aholisiga murojaat bilan chiqdi 

Amir Xon Muttaqiy toliblar Panjsherga hokim va boshqa mas'ul shaxslarni tayinlaganini ma'lum qildi.

Foto: newsfa.ru

“Tolibon” harakati a'zosi Amir Xon Muttaqiy Panjsher viloyati yetakchilari bilan muzokaralar natijasiz yakunlangani va viloyatni kuch bilan olish rejalashtirilganini ma'lum qildi.

“Muzokaralar natija bermagach, mujohidlar Panjsherni to‘rt tarafdan qurshab oldi. Qarshilik ko‘rsatayotganlarga urushni bas qiling deb aytishingiz kerak. Ular na Kobulda, na boshqa joyda NATO yordami bilan ham hech narsa qila olmadi. Kichkina hududda qanday qarshilik ko‘rsatish mumkin?” – dedi toliblar vakili Panjsher aholisiga qilgan audiomurojaatida. 

Amir Xon Muttaqiy toliblar Panjsherga hokim va boshqa mas'ul shaxslarni tayinlaganini ma'lum qildi.

“Biz tayinlagan olim hokimingiz bo‘lishining nimasi yomon? Buni o‘ylab ko‘ring hamda Islom amirligiga qo‘shiling va urushning oldini oling”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq “Tolibon” Panjsherdagi uchta muhim tuman va dovonni qo‘lga kiritganini ma'lum qilgandi. Ammo qarshilik kuchlari bu ma'lumotni rad etdi.

Interfaks agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, o‘tgan tunda toliblar Havak dovoni orqali Panjsher viloyatiga kirishga uringan.

“O‘tgan tundagi to‘qnashuvlarda toliblar 350 nafar askaridan ajraldi, 40 dan ortiq kishi asirga olindi. Jangchilarimiz ko‘plab Amerika transport vositalari, qurol va o‘q-dorilarni qo‘lga kiritdi”, — deb xabar bergan agentlik manbasi Havakdagi bo‘linma komandiri Munib Amiriyga tayanib.

Hozirda Panjsher toliblar nazoratiga o‘tmagan yagona viloyat bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid