Jamiyat | 17:32 / 02.09.2021
27677
2 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi” - taqdirlangan marhum san'atkorlarning yaqinlari

O‘zbek xalqi ko‘nglidan joy olgan bir guruh marhum san'atkorlar mustaqillikning 30 yilligi arafasida mukofotlandi. Fathulla Mas'udov, Obid Asomov va Mirza Azizovning yaqinlari kutilmagan yangilikni qanday qarshi olishgani haqida so‘zlab berishdi.

Ushbu uch marhum san'atkor, bir necha o‘n fidoyilar qatorida, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

“Marhumlarni ham taqdirlashlarini kutmagandik”

Abdulloh Mas'udov, marhum san'atkor Fathulla Mas'udovning o‘g‘li:

— Biz otamiz taqdirlanadilar deb o‘ylamagan edik. Faqat hayot insonlarni taqdirlashadi deb o‘ylardik. Bildimki, otamning mehnatlari zoye ketmagan.

Otamga berilgan mukofotni biz farzandlar, albatta oqlaymiz. Bu e'tirof uchun prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz. Mening otam vafot etmagan: oila a'zolarining, xalqning yuragida yashaydilar.

“Cho‘kib qolgan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi”

Tojibar Azizova, marhum san'atkor Mirza Azizovning turmush o‘rtog‘i:

— Turmush o‘rtog‘im hayotlik chog‘larida mehnatlariga yarasha rag‘bat ham olgandilar. Lekin hayotdan ko‘z yumganlaridan keyin ham shunday buyuk, atoqli san'atkorlar qatori mukofotlarga munosib deb topishdi. Bu bizning cho‘kib qolgan ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. Mingdan ming rahmat aytaman.

“Bu mukofotlar otamning armoni edi”

Nargiza Asomova, marhum san'atkor Obid Asomovning qizi:

— Qayta oyoqqa turganday bo‘ldik. “Otangiz o‘lmagan” deganday yelkamizni ko‘tarib qo‘yishdi. Oilamiz, yaqinlarimiz nomidan tashakkur bildiraman. Bu xabarni eshitib barcha qarindosh-urug‘lar tabriklashyapti.

Menimcha, otamga shunday mukofotlar bir armon bo‘lib qolgan edi.

Mavzuga oid