O‘zbekiston | 07:59 / 07.09.2021
5565
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Ashrafxonov O‘zbekistonning Gruziyadagi elchisi bo‘ldi

O‘zbekiston elchisi Gruziya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Boku shahrida) Bahrom Ashrafxonov Gruziya prezidenti Salome Zurabishviliga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Suhbat chog‘ida Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga eng yaxshi tilaklari va niyatlarini yetkazishni so‘radi, deyiladi TIV ma'lumotida.

Bahrom Ashrafxonov 2020 yil aprel oyi o‘rtalarida O‘zbekistonning Ozarboyjondagi elchisi lavozimiga tayinlangandi. 

Bahrom Ashrafxonov 1969 yilda tug‘ilgan, 1993 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1994 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kentukki universitetini xalqaro valuta-kredit munosabatlari, davlat moliyasi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

U 2005-2007 yillarda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2007-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi boshlig‘i – Moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-2019 yillarda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv Raisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lgan.

2019 yil fevralidan 2019 yil sentyabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining ijtimoiy soha masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagandi.

Bahrom Ashrafxonov 2019 yilning sentyabrida Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori lavozimiga tayinlangandi. U 2020 yilning 30 martida bu lavozimidan ozod etilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid