Jahon | 21:42 / 08.04.2025
3552
4 daqiqa o‘qiladi

“Yevropa va Osiyoning o‘rtasidamiz” – Gruziya parlamentining antig‘arbona qarashlarga ega raisi

Parlamentlararo ittifoq assambleyasida qatnashish uchun Toshkentga kelgan Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashviliga ko‘ra, davlat demokratik ruhda rivojlanishda davom etyapti. Gruziya konstitutsiyasida mamlakat kelajagi Yevropa bilan ekani yozilgan, lekin biz Yevropa va Osiyo o‘rtasidamiz, deydi parlament raisi.

Foto: Kun.uz

Parlamentlararo ittifoqning assambleyasi doirasida O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan ko‘rishgan Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili Kun.uz jurnalistining Gruziya haqidagi savollariga ham javob berdi. Uning aytishicha, hukumat oxirgi 12 yilda sezilarli o‘zgarishlar qilolgan va xalq buni hayotida his qilmoqda. Demokratiyamiz ishlaydi, deydi parlament raisi.

- Qarshi bo‘lmasangiz, yana bir savolim Gruziya haqida. Bu davlatdagi siyosiy jarayonlar bizga juda qiziq, oxirgi namoyishlar va saylovdan keyin G‘arb, Yevropa davlatlari Gruziyadagi demokratiya hujum va tahdid ostida, dedi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

“Ha, bizda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda 5 partiya qatnashdi. Hukmron partiya 54 foiz ovoz yig‘ib, ko‘pchilikning qo‘lloviga ega chiqdi. Tarixga qarasak, oxirgi 12 yilda Gruziya hukumati davlatdagi kambag‘allikni 30 foizdan 11 foizga tushirdi, ishsizlikni esa 27 foizdan 10 foizgacha kamaytirdik, buni bugun xalq rostdanam his qiladi. Shular bizning demokratiyamiz ishlashi deb bilaman” – Shalva Papuashvili, Gruziya parlamenti raisi

2024 yilning 26 oktyabrida Gruziyada parlament saylovi o‘tkazilarkan, jarayon to‘liq 2017 yilda konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar asosida, to‘liq proporsional vakillik tizimida o‘tdi. To‘rtinchi marta g‘alabani qo‘lga kiritgan “Gruziya orzusi” partiyasi Ukraina urushini misol qilib keltirib, Rossiya bilan pragmatik tashqi siyosat orqali tinchlikni va’da qildi.

Saylovdan oldin parlamentda “Xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun jiddiy muhokama-munozara, namoyishlarga sabab bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va AQSh uchun bu Gruziyaning yana avtoritarizm tomon qadam tashlashi bo‘lib ko‘rindi. Shunda davlatga nisbatan Vashington va Bryussel “jazo choralari”ni qo‘llashga tushdi. Jumladan, AQSh vizasini olish uchun cheklovchi ro‘yxat, o‘nlab Gruziya rasmiylari va ularning oila a’zolariga moliyaviy sanksiyalar qo‘llandi.

Saylovda “Gruziya orzusi” partiyasi 53 foiz ovoz oldi va muxolifatning to‘rt partiyasidan iborat koalitsiyasini mag‘lub etgani e’lon qilindi. Yevropa Ittifoqi bu saylovni tan olmasligini bildirgan. Shuning bilan Gruziyaning ittifoqqa a’zolik harakatlari ayni paytda rasmiy doiralarda «o‘lim» holatida.

Davlatimiz Yevropa va Osiyo o‘rtasida, deydi parlament raisi.

- Sovet ittifoqi parchalangach, Gruziya tez rivojlandi. Lekin bu davlatning kelajagi endi Yevropa bilanmi yoki yo‘q?

“Gruziya tarixan Yevropaga bog‘liq, ikki mintaqa tutashgan zonada joylashgan. Biz Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prikmiz. Biz Yevropa Ittifoqiga nomzod davlatmiz. Bundan tashqari, Gruziya Yevropa tomon harakat qilmoqda. Bizda birinchilardan bo‘lib ayol kishi parlamentga saylandi, birinchilardan bo‘lib ayol kishi prezidentlik lavozimida o‘tirdi. Gruziya konstitutsiyasida u yozilgan davrdagi siyosatchilar xohishiga ko‘ra, Gruziyaning kelajagi Yevropa bilan ekani yozib qo‘yilgan. Boshqa tomonda biz allaqachon Yevropa madaniyatiga ham yaqinlashdik. Lekin bizda an’anaviy ravishda Osiyo ta’siri ham juda kuchli. Bizning ongimizda bu davlat ikki mintaqa o‘rtasida bo‘lib qoladi” - Shalva Papuashvili, Gruziya parlamenti raisi.

Mavzuga oid