Jahon | 12:56 / 07.09.2021
42687
10 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon»ning Markaziy Osiyodagi barqarorlikka tahdidi. Bu qanchalar asosli?

Afg‘onistondagi inqiroz mintaqa uchun yangi xavflar tug‘diradi, lekin Markaziy Osiyo shundog‘am uzoq vaqt davomida o‘z chegaralaridagi tartibsizlikni inobatga olgan holda yashab kelgan. Terrorizm, chegara muammolari va afg‘on qochqinlarini qabul qilish natijasida yuzaga kelishi aytilayotgan tahdidlar qanchalik asosli?

Termiz yaqinidagi harbiy o‘quv mashg‘uloti / Rossiya mudofaa vazirligi

AQSh chiqib ketganidan keyin «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi. Bu qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari uchun bir qancha tahdidlarni yuzaga keltirishi bo‘yicha taxminlar ko‘paymoqda. Mintaqa qochqinlar va giyohvand moddalar bilan to‘lib-toshishi, doimiy terrorchilik hujumidan aziyat chekishi haqidagi qarashlar ham mavjud.

Albatta, ko‘p narsa «Tolibon»ning bo‘lajak harakatlariga bog‘liq, lekin aniqki, bunday halokatli prognozlarning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlarining xavf-xatarga o‘ta zaifligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga asoslangan. Avvalo, mintaqa davlatlari «Tolibon» yana hokimiyatga qaytish ehtimollarini ham inobatga olib, siyosat yuritgan.

Hatto eng yomon ssenariyda ham Markaziy Osiyodagi vaziyat ba'zilar taxmin qilgan darajada yomon bo‘lmasligi mumkin, lekin «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasi Markaziy Osiyo davlatlarida rejimlarini ham, tashqi dunyoga bo‘lgan munosabatlarni ham o‘zgartirishi mumkin.

Chegara

Deyarli hech kim Kobul bu qadar tez qulashini kutmagandi. Ammo, umuman olganda, amerikaliklar ertami-kechmi ketishi, toliblar qolishi va yana hokimiyat tepasiga kelishi hammaga ayon edi. «Tolibon»ning dastlabki hokimiyatga kelgan paytida mintaqa davlatlari rahbarlari ham toliblar bilan pragmatik muloqot qilish zarurligi haqida gapirishgan.

Afg‘onistondan chiqish, hatto Barak Obama davrida ham jiddiy muhokama qilinganini hisobga olsak, mintaqada hozirgi voqealarga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqt bor edi. Shu sabab birinchi o‘rinda chegaralar tayyorlandi.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan umumiy uzunligi 150 km.ga yaqin chegarasini ikki qavat tikanli panjara bilan o‘rab, to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlagan. Afg‘onistondan O‘zbekistonga quruqlik orqali o‘tishning yagona yo‘li Termiz – Hayraton ko‘prigi hisoblanadi.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi vaziyat esa ancha murakkab. U O‘zbekistonnikidan qariyb 10 barobar uzun va nafaqat Panj daryosi bo‘ylab, balki tog‘lar oralab ham o‘tadi. Ayniqsa, Tojikiston armiyasi Markaziy Osiyodagi eng kuchsiz armiya ekanligini inobatga olsak, bunday chegarani himoya qilish ancha qiyin (Global Firepower reytingida 140 davlat orasida 99-o‘rinni egallaydi).

To‘g‘ri, bu muammolar asosan faol xalqaro hamkorlik hisobiga qoplanishi mumkin. Tojikistonda Rossiyaning yirik harbiy bazasi bor va tojik bo‘linmalari bilan birga chegarani rus harbiylari ham qo‘riqlaydi. Shuningdek, Vaxon koridorida XXR kuchlarining chegara posti joylashgan.

Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasi tojik chegarasining yarmiga teng, taxminan 800 km, asosan cho‘l orqali o‘tadi va uni nazorat qilish ham oson emas. Ammo Afg‘onistondagi vaziyat yomonlasha boshlagach, Ashxobod chegarani mustahkamlab, unga og‘ir harbiy texnikalarni joylashtira boshladi.

Bunga parallel ravishda Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondagi mojaroning barcha ishtirokchilari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmoqda. Turkmaniston «Tolibon» bilan anchadan buyon norasmiy muzokaralar olib bormoqda. O‘zbekiston esa 2018 yilda, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada «Tolibon» bilan muzokaralar boshlaganini ochiq e'lon qilgandi.

Hozircha Afg‘onistonning yangi hokimiyati bilan faqat Tojikiston aloqaga chiqmagan. Mamlakat prezidenti Imomali Rahmon o‘zini afg‘on tojiklarining himoyachisi sifatida ko‘rsatmoqda, jumladan, toliblardan etnik tojiklarni yangi inklyuziv hukumatga kiritishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, Rahmonning aytishicha, etnik tojiklar Afg‘oniston aholisining 46 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi, garchi ko‘pchilik tadqiqotchilar ularning ulushini 20 foizdan biroz ko‘proq baholashsa ham. Shunga qaramay, hatto Tojikiston ham toliblarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatmaydi va ularning hokimiyatini tan olishdan bosh tortmayapti.

Afg‘on qochqinlari

Birlashgan Millatlar Tashkiloti prognozlariga ko‘ra, shu yil oxirigacha yarim millionga yaqin afg‘on qochqinlari paydo bo‘lishi aytilmoqda. G‘arb davlatlari allaqachon Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondan ular bilan hamkorlik qilgan va evakuatsiya paytida olib chiqa olmagan afg‘onlarga boshpana berishni so‘rashmoqda.

Biroq Afg‘onistondan yirik immigratsiya oqimi o‘nlab yillardan buyon davom etmoqda. Shu vaqt mobaynida afg‘onlar Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘chib o‘tishni deyarli amalga oshirmagan. Ko‘pincha ular Afg‘onistonning boshqa qo‘shnilari Pokiston va Eronga chiqib, bu yerdan Yevropa davlatlariga o‘tishga harakat qilishadi. 2020 yilda eng ko‘p afg‘on qochqinlarini Yevropa Ittifoqi (40 mingdan ortiq), Avstraliya (11 ming) va Buyuk Britaniya (9 ming) qabul qildi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya mamlakatlari esa qochqinlarni qabul qilishni deyarli istamaydi. Masalan, «Tolibon»ning avvalgi hukmronlik davrida O‘zbekiston o‘z chegarasini butunlay yopib qo‘ygan va hatto 2001 yilda BMT talabidan keyin ham chegarani ochishdan bosh tortgandi. Afg‘oniston bilan uzoq yillik aloqalarga qaramay, hozirda Rossiyada ham bir necha minggina afg‘on yashaydi.

Markaziy Osiyoda saxiy ijtimoiy dasturlar yoki ko‘chib o‘tishni osonlashtirish uchun mustahkam afg‘on diasporalari uchun rivojlanayotgan mehnat bozorlari yo‘q. Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbariyati ham Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilmasligini ma'lum qilishdi. Tojikistonda hozirgacha faqat «vaqtincha» minglab qochqinlarga u yerdan boshqa davlatlarga ketish uchun Ko‘lob shahridagi aeroportda qolishga ruxsat berilgan.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoning hech bir davlati afg‘on qochqinlari o‘z hududiga kirishiga ruxsat bermayapti va bu mamlakatlarga ko‘chib o‘tishdan afg‘onlar ham juda manfaatdor emas. Shu nuqtayi nazardan bu mamlakatlarga afg‘on qochoqlaridan tahdidlar yuzaga kelish ehtimoli juda ham past.

Terrorizm

Mintaqa davlatlari bilan o‘tkazilgan barcha muzokaralarda toliblar Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qilmasligini e'lon qilgan. Biroq bu va'dalarni bajara olish qobiliyati ko‘plab savollar tug‘diradi, ayniqsa, mamlakatda sodir bo‘lgan oxirgi teraktlardan keyin.

Tojikiston bu borada ham eng zaif davlat. U yerda terroristik hujumlar AQSh armiyasi Afg‘onistonni nazorat qilgan paytda ham sodir bo‘lgan. Masalan, 2019 yil 6 noyabr kuni, mamlakatdagi Konstitutsiya kunida, Tojikiston rasmiylarining ma'lumotlariga ko‘ra, IShID jangarilari Afg‘onistondan mamlakatga kirib kelishgan va deyarli 300 km masofani bosib o‘tib, O‘zbekiston bilan chegaradagi Ishkobod chegara postiga hujum qilishgan. Ushbu voqeadan bir yil oldin, 2018 yilda tojik tog‘larida to‘rt nafar xorijlik sayyoh o‘ldirilgan edi. Ikki holatda ham IShID javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Hukumat versiyalariga qaraganda, bu hujumlar ortida afg‘onlar emas, mahalliy radikallar turgan.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham teraktlar sodir etilgan. Masalan, 2016 yil iyun oyida Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida bir guruh terrorchilar o‘tkinchilarga o‘q uzib, politsiya bo‘limiga hujum qilishi natijasida 25 kishi halok bo‘lgan. Yoki Bishkekdagi shov-shuvli terakt, 2016 yilning avgustida terrorchi Xitoy elchixonasi darvozasiga borib urilib, o‘zini portlatib yuborgan.

Shunga qaramay, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda sodir etilgan teraktlarning aksariyati umuman Afg‘onistonga, xususan «Tolibon»ga aloqasi yo‘q.

Lekin «Tolibon»da ichki nizo kuchayib, o‘z jangari guruhlari ustidan nazoratni yo‘qotgan taqdirda mintaqa mamlakatlariga terrorizm tahdidi ortishi mumkin.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda radikal g‘oyalarga bo‘lgan talab mubolag‘a qilinadi. Afg‘onistondagi vaziyat mahalliy jamiyatlar «Tolibon»ning muvaffaqiyatidan ilhomlanib, o‘z mamlakatlarida shunga o‘xshash narsalarni uyushtirishga tayyorligini ham anglatmaydi. Diniy va etnik yaqinligiga qaramay, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari anchadan buyon butunlay boshqacha sharoitda rivojlanib kelgan va bir-biri bilan ko‘pchilik o‘ylagandan ko‘ra kamroq umumiyliklarga ega.

2017 yil ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining qariyb 10 foizi o‘qotar qurolga ega, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda bu ko‘rsatkich 0,003 foizni, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda 0,02 foizni tashkil etadi.

Aytish mumkinki, Afg‘onistondagi inqiroz mintaqa uchun yangi xavflar tug‘diradi, lekin Markaziy Osiyo uzoq vaqt davomida o‘z chegaralarida tartibsizlik bilan yashagan va «Tolibon» xavfi bilan kurashda yigirma yillik tajribaga ega. Bu vaqt mobaynida mamlakatlar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga ulgurishdi va hozirda kutilmagan hodisalarga ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan. Afg‘onistondagi so‘nggi voqealar Markaziy Osiyoda xaos yuzaga keltirishi dargumon. Hukmron tuzumlar jamiyat ustidan nazoratni kuchaytirishi, Rossiya esa mintaqaviy xavfsizlikdagi rolini oshirishi ehtimoli ko‘proq.

Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazi materiali asosida Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid