Business class | 18:53 / 08.09.2021
402343
7 daqiqa o‘qiladi

Kitob sotishdan kosmosni zabt etishgacha. Amazon'ning garajda boshlangan tarixi

Kitob sotish bilan boshlangan biznes bugun egasiga soniyasiga 2400 dollar foyda keltirmoqda. Kun.uz “Business Class”da bugun Amazon va uning asoschisi  Jyeff Bezos haqida so‘z yuritamiz.

1964 yilda Amerikaning Nyu Meksiko shtatida dunyoga kelgan Jyeff ismli chaqaloq vaqti kelib dunyodagi eng boy inson, 200 mlrd dollardan ko‘p puli bo‘lgan ilk odam, o‘z kosmik kemasida fazoga ko‘tarilgan biznesmen bo‘lishini kim ham o‘ylabdi dersiz. Jyeff Bezosning o‘zi ham bunday bo‘lishini o‘ylamagan bo‘lsa kerak.

Bugungi kunda dunyodagi eng boy kompaniyalardan biri bo‘lib turgan Amazon kompaniyasiga 1994 yilda asos solingan.

Uning asoschisi – Jyeff Bezos. DE Show investitsion kompaniyasida vitse-prezident lavozimida ishlab turgan Jyeff Bezos o‘zining biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun o‘z ishini tashlaydi va rafiqasi Makkenzi Bezos bilan birga noldan yangi startapini amalga oshirish uchun harakat qiladi.

Jyeff elektroinjyeneriya va kompyuter bilimlari sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega edi.

Jyeff Bezosda har qanday mahsulotni sotishga mo‘ljallangan do‘konni ochish g‘oyasi bo‘lgan. Uni amalga oshirishda esa odatdagi to‘siqlar yuzaga keldi: cheklangan budjet, bozorni yaxshi tushunmaslik va sarmoyadorlarning yo‘qligi. Birinchi haftadayoq bankrotlikka uchramaslik uchun Bezos ishni oddiy usulda boshlashga qaror qildi. Internet orqali yaxshi sotilishi lozim bo‘lgan tovarlarni 20 guruhga bo‘lib chiqdi. Unga kompyuter dasturlari, filmlar, musiqalar, ofis anjomlari va boshqa mahsulotlar kirardi.

Ammo birlamchi mahsulot sifatida kitoblar yaxshi sotilgan – ular yengil va yetkazib berish oson. Axir uni kim sotib olayotganining ahamiyati yo‘q, buning ustiga internetdagi tanlov oddiy kitob do‘konidagiga nisbatan ko‘proq edi.

Jyeff Bezos kompaniya faoliyatini o‘zining garajida boshlagan. U kitoblarni o‘zining sayti orqali sotar va faoliyatini kengaytirishni o‘ylardi.

Jyeff kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘rar va o‘sha paytda yaxshi kitob topish oson emasligini yaxshi bilardi. Shu sababdan intenet do‘konini aynan kitoblarni tezroq topishga va yaxshi kitoblar tavsiya qilishga yo‘naltirgan edi.

U kitoblarni topishni oson qilish bilan birga, sotib olgan xaridorga chiroyli o‘ramda yetib borishini ta'minlashga ham katta e'tibor bergan.

Amazon'ning barcha daromadi kompaniyani rivojlantirishga sarflangan. “Biz yo birinchimiz, yoki yutqazdik” – bu konsepsiyadan keyinchalik Google, undan so‘ng Facebook ham foydalangan.

Jyeff nafaqat kompyuter injyeneriyasi bo‘yicha mutaxassis, balki yaxshi marketolog ham edi. U o‘zining ilk biznesini yuqori maktabda o‘qib yurgan paytida yo‘lga qo‘ygan: yigitcha o‘z uyida noodatiy qobiliyatga ega o‘quvchilar uchun pulli lager ochgan va uning ortidan yaxshigina pul ishlab olgan.

Yoshligidan mijoz psixologiyasi bilan ishlashga qiziqqan Bezos Amazon orqali kitob sotib olayotgan insonlarga pochtasi orqali kitob bilan birga: “Yana nimalarni onlayn sotib olishni xohlardingiz?” deya savol berar edi. Javoblarga qarab onlayn do‘kon peshtaxtalariga birma-bir yangi mahsulotlar kirib kela boshladi. Ilk qo‘shilgan tovarlar orasida hojatxona qog‘ozi, bolalar tagligi ham bor edi. So‘ngra Jyeff do‘konni videoo‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirishni boshladi.

Biznesda nom tanlash ham brendning kelajagini belgilab beradi. Kompaniya dastavval 1994 yilda Siyetlda Cadabra nomi bilan faoliyat boshlab, kitob sotishni yo‘lga qo‘ygandi. Biroq ishlar yurishmadi: kompaniya nomi talaffuz qilinganida “cadaver” (o‘lik tana) so‘zini eslatib yuborgan. Ikkinchi variant esa Relentless (“shafqatsiz”) edi, biroq biznesmenning do‘stlari bu nom ham juda qo‘rqinchli ekanini aytgan. Relentless.com manzili hozir ham Bezosning nomiga rasmiylashtirilgan va bu manzilni tersangiz, Amazon.com saytiga yo‘naltirilasiz.

Jyeff yaxshiroq nom topish ilinjida Oksford lug‘atini varaqlab chiqadi va “Amazonka” so‘ziga duch keladi. Bu – dunyodagi eng katta daryo (Bezos ham o‘z do‘konini dunyoda eng kattasi bo‘lishini niyat qilgan), shuningdek, “A” harfidan boshlanadi (u vaqtlarda Google bo‘lmagan va foydalanuvchilar yangi saytlarni onlayn-kataloglar orqali qidirgan).

Amazon.com 1994 yilning noyabrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va tarmoqda 1995 yilda paydo bo‘ladi. Kompaniya logotipi ham o‘ziga xos ma'no anglatadi: Amazon yozuvining ostidagi ko‘rsatkich belgisi “a” dan “z”ga qarab harakatlangan. Lotin alifbosida eng oxirgi harf “z” hisoblanadi. Ya'ni bizning do‘konda hamma nomdagi tovarlar mavjud degan ma'noni beradi.

Kompaniya rivojlana boshladi. 1996 yilga kelib daromadi 15,7 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, oradan bir yil o‘tib, 148 mln dollarga yetgan. Tashkil topganidan 5 yil o‘tib esa kompaniya 6 mlrd dollarga baholana boshladi.

Bugungi kunda Amazon kompaniyasi dunyodagi eng yirik onlayn do‘kon hisoblanadi. Amerikada amalga oshiriladigan barcha onlayn xaridlarning uchdan bir qismi Amazon.com hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, kompaniya ma'lumotlarni saqlashda eng yirik server xizmati ko‘rsatuvchilardan sanaladi.

Amazon kompaniyasi mahsulot yetkazib berish xizmatida ilk bor uchuvchisiz qurilmalardan foydalangan.

2021 yildan boshlab, O‘zbekistonliklar ham o‘z tovarlarini Amazon orqali sota oladigan bo‘ldi.

Kompaniyada bugungi kunda 300 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Jyef Bezosning moliyaviy holati esa 2021 yilda 211 mlrd dollarga yetdi.

Jyeff 2000 yilda “Blue Origin” kosmik sayyohlik kompaniyasiga ham asos solgandi. U ana shu kompaniyasining kosmik kemasida, 2021 yil 20 iyul kuni yerdan 100 km uzoqlikka, ya'ni kosmosga borib keldi.

57 yoshli Jyeff endilikda milliarderlar Richard Brenson va Ilon Mask kabi, kosmik turizmni yo‘lga qo‘yish niyatida.

Tohirjon Tursunov tayyorladi.

Mavzuga oid