Prezident, shifokor, tarixchi va ikki iqtisodchi. Prezidentlikka kimlar nomzod bo‘ldi?
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidentligiga barcha nomzodlarni ro‘yxatga oldi va shuning bilan bu yilgi saylovda kimlar ishtirok etishi aniq bo‘ldi.
2021 yil 24 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylovda respublikadagi 5ta partiyadan prezidentlikka nomzodlar ishtirok etishi tasdiqlandi. Quyida ular haqidagi ayrim ma'lumotlarni e'tiboringizga havola qilamiz.
Alisher Qodirov. «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod
U ayni paytda mazkur partiya raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Nomzod 1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog, iqtisodchi.
Alisher Qodirov 1996 yil Turkiyaning Egey universitetini, 2009 yili Toshkent moliya institutini, 2011 yili Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
1996-1997 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Jizzax viloyati boshqarmasi yetakchi mutaxassisi bo‘lib ishlagan. 1997-2008 yillarda Jizzax viloyati davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan.
2008–2015 yillarda Jizzax viloyati Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2014 yilda parlamentning Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan. 2017-2019 yillarda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari lavozimida ishlagan.
Narzullo Oblomurodov. Ekologik partiyadan prezidentlikka nomzod
Nomzod 2021 yil 1 fevraldan Ekologik partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Oblomurodov 1975 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1996 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda 2000 yilda Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya)ni tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Toshkent moliya institutida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Uzoq yillar bank-moliya hamda davlat boshqaruv organlari tizimida, jumladan, Prezident administratsiyasida mas'ul lavozimlarda ishlagan.
2020-2021 yillarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Maqsuda Vorisova. Prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan yagona ayol
U 1961 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1984 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi shifokor.
Vorisova 1984-1987 yillarda Toshkent davlat meditsina instituti klinikasi internaturasida, 1987-1989 yillarda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 6-sonli poliklinika shifokor-terapevti, 1989-2003 yillarda Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek qishloq vrachlik punkti shifokor-terapevti sifatida faoliyat yuritgan.
2003-2018 yillarda Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek qishloq vrachlik punkti mudiri, 2018-2018 yillarda Zangiota tumani tibbiyot birlashmasining 19-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri bo‘lib ishlagan.
2018 yildan hozirga qadar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Bahrom Abduhalimov. «Adolat» partiyasidan prezidentlikka nomzod
Bahrom Abduhalimov 1959 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog, tarixchi.
1981 yilda Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1981-1983 yyillarda Liviya davlatida tarjimonlikdan boshlagan.
30 yil davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida kichik xodim, ilmiy kotib, katta ilmiy xodim, doktorant, yetakchi ilmiy xodim, direktor o‘rinbosari, direktor lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan.
2003-2004 yillarda Toshkent xalqaro Vestminster universiteti prorektori, 2006-2008 yillarda O‘zbekiston prezidentining millatlararo munosabatlar masalalari va din ishlari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan.
2020 yildan «Adolat» partiyasi siyosiy kengashi raisi.
Beshinchi nomzod Shavkat Mirziyoyev. Uning nomzodi O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan.
Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Mutaxassisligi muhandis-mexanik.
1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda mazkur institutda boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlanadi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati, 2001-2003 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.
1995-2003 yillarda Oliy Majlis deputati. 2003 yilda O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlangan. U ushbu lavozimda 2016 yilga qadar faoliyat yuritgan.
2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 88,61 foiz ovoz to‘plab, O‘zbekiston prezidenti etib saylangan. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishgan.
Eslatib o‘tamiz, qonunga asosan joriy yil 20 sentyabrdan mazkur nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlanadi.
Mavzuga oid
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
16:23 / 29.08.2024
“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak” – Alisher Qodirov
10:59 / 12.07.2024
Deputatlarning sirtdan bahsi: ulardan biri o‘lim jazosini tiklash kerakligiga shama qildi, ikkinchisi javob qaytardi
13:58 / 19.06.2024