Jahon | 09:37 / 15.09.2021
11817
2 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin Baydenning shaxsiy uchrashuv haqidagi taklifini rad etdi - OAV

AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoy raisi Si Tszinpin bilan telefon suhbatida xitoylik hamkasbiga birinchi shaxsiy uchrashuvni o‘tkazishni taklif qildi. Biroq Xitoy rahbari bu taklifga rad javobi bergan, deb xabar berdi Financial Times.

Foto: AP

Nashrning ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat mazmunidan xabardor manbalari ma'lumotlariga ko‘ra, Si Tszinpin Baydenning taklifini qabul qilmagan va buning o‘rniga Vashington Pekinga nisbatan ohangdagi keskinlikni kamaytirishni talab qilgan

“Ko‘rinishicha, Si Tszinpin uchrashuvdan avval muomalani va munosabatlarni yaxshilash kerakligiga ishora qilgan”, deb aytgan manbalardan biri.

Ta'kidlanishicha, Xitoy raisi AQSh prezidenti bilan uchrashuvdan qisman koronavirus yuqtirish xavfi sababli ham bosh tortgan bo‘lishi mumkin, chunki u pandemiya boshlangandan beri hali birorta xorijiy safarni amalga oshirmagan. 

Biroq Reuters’ning xabar berishicha, AQSh prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda Financial Times’ning Xitoy raisi uchrashuv haqidagi taklifni rad etgani haqidagi xabarini noto‘g‘ri deb aytgan. Shu bilan birga, Bayden xitoylik hamkasbiga umuman bunday taklifni bildirgani yoki yo‘qligi ham noma'lum.

Avvalroq Xitoy va AQSh yetakchilari 10 sentyabrda telefon suhbati o‘tkazgani ma'lum qilingan. 

Oq uyning ta'kidlashicha, ikki yetakchi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi raqobat masalalarini va uning katta mojaroga aylanib ketmasligining oldini olish yo‘llarini muhokama qilgan.

Si Tszinpin ikki davlat o‘rtasidagi muammolar ham ikki davlat, ham butun dunyo manfaatlari uchun to‘g‘ri kelmasligini aytgan. U “dunyo taqdiri Xitoy va AQSh o‘z munosabatlarini qay yo‘sinda yo‘lga qo‘ya olishiga bog‘liqligini” ta'kidlab o‘tgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid