Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi qurish uchun investorlar aniqlandi
Ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,5695 sentga teng tarifni taklif qilgan «ACWA Power»(Saudiya Arabistoni) kompaniyasi shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi deb e'lon qilindi.
16 sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 mVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender natijalari e'lon qilindi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Tenderda ishtirok etishga 70 ga yaqin xorijiy kompaniya qiziqish bildirgan. Yakuniy bosqichda Birlashgan Arab Amirliklarining «Abu Dhabi Future Energy company PJSC» (Masdar) kompaniyasi, «ACWA Power» (Saudiya Arabistoni) va «Voltalia» (Fransiya) kompaniyalari raqobatlashgan.
Ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,5695 sentga teng tarifni taklif qilgan «ACWA Power» (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi deb e'lon qilingan.
Ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,6550 sentga teng tarifi bilan «Masdar» (BAA) kompaniyasi ushbu tenderning zaxira g‘olibi deb topilgan.
Investitsiyaviy majburiyatlarga muvofiq, shamol elektr stansiyasi 2023 yilning o‘rtalariga kelib ishga tushiriladi. Elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 400 million kVt/s ekologik toza elektr energiya ishlab chiqarishni ta'minlaydi. ShES Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorauzoq va Beruniy tumanlari hududida joylashadi. Loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 140 mln dollarga baholanmoqda.
Loyiha 110 mingga yaqin xonadonga elektr energiya yetkazib berishi, atmosferaga chiqariladigan uglerod chiqindilarini yiliga 157 ming tonnaga kamaytirishi va qurilish davrida mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga imkon berishi ta'kidlanmoqda.
Ma'lumot uchun, joriy yil yanvar oyida «ACWA Power» kompaniyasi bilan investitsiya shartnomasi imzolangan, unga ko‘ra, kompaniya Buxoro viloyatida ikkita shamol elektr stansiyasini qurishi kutilmoqda.
Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Karmana tumanida zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi (O‘zbekistondagi ilk xususiy elektr stansiyasi) ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda 2025 yilgacha O‘zbekistonda kamida 50 foiz elektr energiyani xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini malum qilgandi.
Mavzuga oid
22:40 / 05.11.2024
Mudofaa «yashil energetika»ga qarshi: Shvetsiya 13 ta shamol generatori qurilishiga ruxsat bermadi
14:29 / 22.07.2024
ACWA Power 2 ta shamol elektr stansiyasidagi 35 foiz ulushini sotdi
18:25 / 29.08.2023
Koronavirusga qarshi immuno-sut, kuniga 25 litr sut beruvchi sigirlar va qimmatbaho pishloq – Nukusdan “sutli” reportaj
12:27 / 29.08.2023