Jahon | 18:23 / 19.09.2021
25355
6 daqiqa o‘qiladi

Mali «Vagner» jangchilarini yollamoqchi. Fransiya mahalliy hukumatni ogohlantirdi

Fransiya mudofaa vaziri Florens Parli Mali hukumatini rossiyaliklarning xususiy qo‘riqlov kompaniyasi bo‘lmish «Vagner» bilan hamkorlik kelishuvi tuzishdan saqlanish borasida ogohlantirdi. Rasmiy Moskva Afrika davlatlaridagi ta'sirini kengaytirishidan xavotirlanayotgan Fransiya Mali hukumati «vagnerchilar»ni yollash orqali fransuzlarning ushbu hududdagi aksilterror amaliyotlarini qiyinlashtirishini aytmoqda.

Vagnerchilarning Molkinodagi poligoni / VITALY TIMKIV/TASS VIA GETTY IMAGES

Kreml Mali hukumati va Rossiya rossiyalik harbiylarni Afrikaning ushbu mamlakatiga yuborish bo‘yicha qandaydir muzokara o‘tkazayotganini rad etgan.

Malidagi harbiy hukumat «Vagner» jangarilarini yollamoqchi ekani haqidagi xabarlar o‘tgan haftada paydo bo‘lgandi.

«Frans press» manbasi xabar qilishicha, Mali «Vagner» XHK bilan mamlakatga mingga yaqin rossiyalik yollanma jangchini tashlash bo‘yicha kelishuv imzolamoqchi.

«Agar Mali hukumati «Vagner» bilan shartnoma tuzsa, bu biz ko‘p yillar mobaynida Sahel mintaqasidagi davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun olib borgan va olib bormoqchi bo‘lgan ishlarimizga mos kelmaydigan favqulodda xavotirli signal hisoblanadi», degan Florens Parli.

Mali Mudofaa vazirligi vakili hukumat va rossiyaliklar xususiy qo‘riqlov kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmagan.

«Rasmiy muzokaralar bo‘lgani yo‘q», degan jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov telefon konferensiyasi chog‘ida.

«Biz ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan Afrika qit'asidagi mamlakatlar bilan aloqalarni, harbiy aloqalarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Peskov.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, Malida Rossiya qurolli kuchlari vakillari yo‘q.

Fransiya mudofaa vaziri Mali hukumatini «Vagner» bilan hamkorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligidan ogohlantirdi / Reuters

«Aftidan, Moskva va Parijning Afrikadagi ta'sir doiralarni kengaytirish uchun raqobati kuchaymoqda. Ba Sahel mintaqasida kuchayib borayotgan radikal kuchlarga qarshi xalqaro darajada kurashga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Mali «Vagner»ning kamida mingta rossiyalik jangchisini yollash niyatida ekani haqidagi xabar Fransiyani tashvishlantirmay qolmaydi. Mudofaa vaziri Florens Parli bunday kelishuv Fransiyaning ushbu mamlakatdagi aksilterror operatsiyalariga putur yetkazishi mumkinligini aytib chiqdi», deydi BBC Afrika bo‘limi redaktori Uill Ross.

Fransiya TIV rahbari Jan-Iv Le Drian agar Malida «Vagner» jangchilari paydo bo‘lsa, Parij u yerdan o‘z harbiylarini olib ketishidan ogohlantirdi.

2013 yilda jangarilar mamlakat shimolini egallab olib, poytaxt Bamako sari yurish boshlaganida Fransiya Maliga qo‘shinini kiritgan. O‘shandan buyon Parij Sahel mintaqasiga minglab harbiylarini yuboradi, fransuzlar bu yerda mahalliy kuchlar bilan hamkorlikda «Al-Qoida» va IShID ta'siridagi jangarilarga qarshi kurash olib boradi.

«Maliga «vagnerchilar» kelishi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchun «qizil chiziq» vazifasini o‘taydi. Agar bu ro‘y bersa, Parij ayni vaqtda Malida joylashtirilgan harbiylarini qo‘shni Nigerga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi», deydi «Frans-press» agentligi manbasi.

Fransuz harbiylari 2013 yildan buyon Malida / Reuters

«Vagner guruhi» odamlari Maliga kelgani haqida «Frans-press» ilk marta 2019 yil oxirida xabar bergandi, o‘shanda sobiq prezident Ibrohim Bubakar Keyta Rossiya bilan harbiy hamkorlik borasida kelishuv imzolashi ortidan poytaxtda rossiyalik jangchilarning kichik guruhini payqashgandi.

So‘nggi yillarda rossiyaliklarning harbiylashgan guruhlari Afrikada tez-tez paydo bo‘lishi kuzatilmoqda, ayniqsa, urush girdobida qolgan Markaziy Afrika Respublikasi hududida.

MAR — dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biridir. Aholi jon boshiga YaIM hajmi bo‘yicha so‘nggi o‘rinlarda (faqat Burundi qashshoqroq). Ammo bu yerda turli foydali qazilma boyliklarning katta zaxiralari mavjud: neft, oltin, olmos, uran rudasi.

Rossiyaning qator kompaniyalari ushbu mamlakatdagi tog‘-kon sektoriga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

MAR — «Vagner» kuchlari kiritilgan Afrikadagi yagona mamlakat emas.

«Frans press» agentligi manbasi xabar qilishicha, «Vagner» va Mali hukumati o‘rtasidagi kelishuv ham Rossiyaning ushbu mamlakatdagi foydali qazilmalarni qazib olish huquqiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.

Markaziy Afrika Respublikasidagi armiya bazasi / ALEXIS HUGUET

«Vagner» Liviyadagi mojaroda ham Rossiya manfaatlarini ifoda etadi. Joriy yilda bir necha xalqaro huquq tashkilotlari bu kompaniya yollanma jangchilarini qator qonunbuzarliklar sodir etishda ayblab chiqdi.

«Vagner» jangchilari Sudanga ham joylashtirilgan, bu yerda ular poytaxt Xartumda hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishda ishtirok etgan. Shuningdek, OAV ma'lumotiga ko‘ra, ular Mozambikda ham mahalliy hukumatga IShID jangarilariga qarshi kurashda yordam beradi.

OAVdagi turli ma'lumotlar «Vagner» jangchilari Suriyadagi fuqarolik urushida ham ishtirok etganini ko‘rsatadi.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Rossiya prezidentiga yaqin bo‘lgan biznesmen Yevgeniy Prigojinga aloqador ekani aytiladi.

«Vagner» XHK rasman mavjud emas — yollanma jangchilar tashkiloti Rossiya qonunchiligiga ham, xalqaro qonunchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

YeI va AQSh tomonidan sanksiyalarga duchor etilgan Yevgeniy Prigojin ham «Vagner»ga aloqadorligi yoki Afrikadagi mojarolarda qandaydir rol o‘ynashi haqidagi ma'lumotlarni rad etib keladi.

Mavzuga oid