O‘zbekiston | 11:12 / 22.09.2021
1658
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kuchli ta'sir etuvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor hamda Yakkasaroy tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta'sir etuvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda IIV Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Y.P.» MChJ norasmiy sotuvchilari O.L. va M.Z. 2 dona «Regapen» nomli dori vositasini xaridorga 40 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. MChJga qarashli dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 140 dona «Regapen», 94 dona «Zardeks», 99 dona «Selofen» va 10 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Departament hamda DXXning Yakkasaroy tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Y.P.» MChJ dorixona norasmiy sotuvchisi F.X. 28 dona «Regapen» hamda 4 dona «Tropikamid» nomli dori vositasini xaridorga jami 1 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid