Sport | 19:36 / 24.09.2021
14132
10 daqiqa o‘qiladi

Nomi ulug‘, suprasi quruq. Top-5 ligalarda sho‘ng‘iyotgan grandlar

Yevropa kuchli beshlik chempionatlarida jamoalar orasidagi tafovutning katta emasligi va har bir o‘yindan intriga kutish mumkinligi bois mana shu maqomga erishgani bor gap. Lekin amalda baribir har bir liganing o‘z grandlari, gegemonlari bor. Joriy mavsum qolganlaridan katta farq qilmoqda va bir qator katta jamoalar o‘zlariga o‘xshamayapti. Ularning pastlashini mavsum avvalidan, transfer oynasi davomida amalga oshirgan siyosatidan ham bilib olish mumkindek edi. Lekin baribir bu qadar katta tezlik bilan pastga sho‘ng‘ishlari kutilmagan edi. Quyida top-5 chempionatlarda eng muvaffaqiyatsiz start amalga oshirgan 5 ta grandga to‘xtalib o‘tamiz.

«Yuventus» – 12-o‘rin

Ronaldudek futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish naqadar ajoyib bo‘lmasin, o‘ziga yarasha badali ham bor. Bu xuddi tumovga qarshi kuchli antibiotik bilan kurashishni eslatadi. Siz darhol muammodan qutulasiz. Lekin bu orqali immunitetingiz kuchsizlanadi. Turin klubi 3 yil davomida Krishtianu bilan YeChLdagi omadsizliklariga barham bermoqchi bo‘ldi. Lekin natijalar aksincha pastga qarab ketdi. Sababi, klub barchasini Ronaldudan kutgandek bo‘ldi. Portugaliyalik yulduz uch mavsum davomida uch xil murabbiy qo‘l ostida o‘ynadi va hech birida ulkan muvaffaqiyatga erisha olmadi. Ustiga-ustak o‘tgan mavsum «keksa senora» A Seriya chempionligidan ham chetda qolib ketdi. Bunday vaziyatda yoshi 36 ga qarab ketib qolgan Ronalduga bu qadar katta maosh to‘lashdan «Yuve» rahbariyati naf ko‘rmadi va Krishtianuning o‘zi ham ketishni xohlab qoldi.

Ikki orada «Yuventus»ga jabr bo‘ldi. Klub yana Allegrini bosh murabbiylikka qaytardi va 2 yil oldin tark etgan yo‘liga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Yangicha uslub «Alyans stedium» egalariga avvalgi natijalarni ham bera olmadi. «Yuventus» so‘nggi yillarda bir qator yosh iqtidor egalarini jamoaga qo‘shib oldi va tarkibni keskin yoshartirdi. Tez orada klub yetakchilaridan biri Paulo Dibala yangilangan shartnomaga qo‘l qo‘yishi kerak. Uning atrofida to‘plangan Keza, Kulusevski, Ken, Lokatelli, Rabo va De Ligt singari yosh futbolchilar kelgusida yaxshi jamoaga aylanishi mumkin. Lekin hozircha jamoa A Seriyada 12-o‘rinda bormoqda.

Dastlabki 4 ta turda g‘alaba qozona olmagan Turin klubi so‘nggi bahsda «Spetsiya»ni arang yengdi. Ko‘ramiz, ushbu g‘alaba muvaffaqiyatli yo‘lning boshlanishimi yoki yo‘q?!

«Barselona» – 7-o‘rin

Kataloniyaliklar uzoq yillar davomida Ispaniya grandi sifatida e'tirof etib kelinishiga qaramay, ularning haqiqiy dunyo grandi sifatidagi davri ushbu asrga taalluqli. Yana ham aniq aytadigan bo‘lsak, Leo Messining klubda faoliyatini boshlagan davridan e'tiboran «ko‘k-anorranglilar» tom ma'noda gigant klubga aylanishdi. Ha, dastlabki davrlarda bu yerda Ronaldino effekti kattaroq rol o‘ynagan. Braziliyalik yulduz ketganidan so‘ng ham barselonaliklar rivojlanishda, ketma-ket titullarni yutishda davom etdi. So‘nggi 18 ta La Liga mavsumining 10 tasi «Barsa»ning chempionligi bilan tugagani ham Messi bor davrda «blaugranas» Ispaniyada hukmronlik qilganidan darak beradi. Bu yillar mobaynida barselonaliklar 4 marotaba UYeFA Chempionlar Ligasini yutishdi, 2 marta trebl qayd etishdi. Tiki-taka haqiqiy ma'noda maromiga yetkazib ijro etildi.

Bugun esa o‘sha yillar mobaynida singdirilgan, qadr topgan uslub «Barselona»ning yangi tarkibi bilan yo‘qqa chiqmoqda. Jamoa markaziy hujumga Lyuk de Yongni olib kelib, faqat unga havodan to‘p uzatib gol urishga harakat qilayotgandek. 6 ta turda 9 ochko to‘plab, 7-o‘rinda borayotgan «Barselona» bu qadar katta tanqidlar ostida qolishi faqat natija bilan bog‘liq emas. Sababi «Real» juda ko‘plab mavsumlarni mana shunday past natijalar bilan boshlasa ham, bu qadar jiddiy ayblovlarga duch kelmasdi. Muxlislar va jurnalistlar Kumandan norozi. Sababi, u klub qadriyatlarini yo‘qqa chiqarayotgandek, natijaga erishish maqsadida «Kamp Nou» sevgan uslubni chetga surib qo‘yayotgandek. Muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng jamoaning jarohatlangan futbolchilarini ro‘kach qilmoqda. Ko‘ramiz, Pedri, Alba, Fati, Aguero kabi kuchli futbolchilar qaytgach, «Barselona»ning o‘yiniga mazmun qaytarmikan?!

«Arsenal» – 13-o‘rin

4-o‘rinni olishdan zerikib, Vengerni uzoq yillik kampaniyalar orqali ketkazishga erishgan «Arsenal» muxlislari endi Yevropa Ligasida ham o‘ynay olishmayapti. Ularning muvaffaqiyatsizligi kecha yoki bir necha hafta avval yuz berib qolgan holat emas. 2007 yildan e'tiboran «Arsenal» aksiyalarini sotib ola boshlagan Sten Kronke yillar mobaynida klubning boshqa egalaridan ulushlarni sotib olib, yakunda klubning asosiy egasiga aylanib oldi. E'tibor bering, «to‘pchilar» sekin-asta UYeFA maydonlarida favorit maqomidan pastga tusha boshlagan payti amerikalik milliarderning klubni egallab borishi bilan parallel ketgan. Tan olish kerakki, okeanorti vakillari futbolga ashaddiy muxlis bo‘lganda ham, yevropaliklar singari unga jon kuydira olishmaydi. Kronke ham London klubidan tashqari boshqa bir qator sport turlarida turli klublar egasi hisoblanadi. O‘z ranchosiga ega «kovboy» futbolga chin ko‘ngildan muxlis ekanligi va «kanonirlar»ni kuchaytirishni o‘zining bosh maqsadiga aylantirishiga ishonish qiyin.

Klub joriy mavsum avvalida dastlabki 3 ta turni boy berdi va 66 yil ichida birinchi marta Angliya yuqori divizioni startidagi 3 ta o‘yinni yuta olmadi. So‘nggi 2 ta turda Arteta shogirdlari minimal hisobdagi g‘alabalari bilan turnir jadvalidagi holatni yaxshilashga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq 26 sentabr kungi «Tottenhem»ga qarshi o‘yin jamoaning asl kuchini ko‘rsatib berishi mumkin.

«Leypsig» – 12-o‘rin

Ligalar kesimida kuchsizlangan gigantlar xususida gapirar ekanmiz, bu ro‘yxatga Bundesligadan «Leypsig»ni qo‘shishga qaror qildik. Ha, jamoaning mavsum avvalidagi taqvimi yaxshigina og‘ir edi. «Bavariya»ga qarshi bellashuvdagi yirik mag‘lubiyatni nisbatan oddiy qabul qilishimiz mumkin. «Mayns», «Volfsburg»ga boy berilgan o‘yinlar va «Kyoln»ning yenga olmaganliklari haqida esa bunday deya olmaymiz.

Avvalo, jamoani tark etgan yetakchi figuralar bunga katta sabab. Bosh murabbiy Yulian Nagelsmann klubda katta o‘rin tutardi. U endi myunxenliklarni boshqarmoqda. Jamoa sardori Marsel Zabitser va yetakchi markaziy himoyachi Dayo Upamekano ham «Bavariya»ga yo‘l oldi. Natija? 12-o‘rin!

Ha, «Leypsig» asosan iqtidorlarni rivojlantirish va ularni grand jamoalarga sotishdan daromad qilishni ko‘zlab tuzilgandir. Lekin so‘nggi paytlarda ularda ambitsiyalar yetarlicha o‘zgardi. Bu kabi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar seriyasidan chiqib ketish uchun ularga yana bir qator yangi iqtidorlar kerak. Mutaxassislar ta'kidlaganidek, klubda yaxlit tizim ishlasa, bu holat o‘tkinchi bo‘lishi kerak. Qolganini vaqt ko‘rsataveradi.

«Lill» – 14-o‘rin

Fransuz klubiga 2011 yilgi chempionlik mavsumidan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqealar dars bo‘lmagani ko‘rinib turibdi. O‘shanda mavsum chempioniga aylangan jamoa birin-ketin Eden Azar, Lyuka Din, Dimitri Payyet kabi kuchli futbolchilar, murabbiy Rudi Garsiyani qo‘yib yuboradi va natijalari pastlab ketadi.

O‘tgan mavsum Kristofer Galte jamoani yana Fransiya taxtiga qaytardi. Lekin chempionga aylangan murabbiy mavsum tugashi bilan jamoani tark etdi va «Nitssa» postini egalladi. Mayk Menyan «Milan»ga ko‘chib o‘tib, Janluiji Donnarummaning o‘rnini egalladi. Yarimhimoya chizig‘i asosiy futbolchilaridan biri hisoblangan Bubakari Sumare esa «Lester» tarkibiga borib qo‘shildi.

Mavsum avvalida «Lill» sobiq murabbiyi Galte boshqarayotgan «Nitssa»dan 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Yozgi transferlar oynasi vaqtida dahshatli darajada kuchayishga erishgan «PSJ»ning mavsum avvalidagi tushunarsiz o‘yinlari ham asosiy raqobatchi «Lill»nikidan mazmunliroq chiqayotgandek. Balki, ushbu klub muxlislari jamoani eng yuqori o‘rinlarda ko‘rish uchun yana 10 yil kutishiga to‘g‘ri kelar.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid