Jahon | 21:20 / 27.09.2021
3339
2 daqiqa o‘qiladi

90 yoshli kanadalik aktyor fazoga yo‘l oladi

Kanadalik 90 yoshli aktyor, “Yulduzli yo‘l” (Star trek) filmlari va serialida fazoviy kema sardori rolini ijro etgan Uilyam Shetner haqiqatda fazoga yo‘l olishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi.

Keksa aktyor fazoga Jyeff Bezosga qarashli Blue Origin kompaniyasining New Shepard kemasida yo‘l olishi kutilmoqda. Nashr manbalarining xabar berishicha, aktyor ishtirokidagi parvoz 15 daqiqa davom etadi va oktyabrga belgilangan.

Agar parvoz amalga oshsa, aktyor fazoda bo‘lgan eng keksa insonga aylanadi. Parvoz hujjatli filmni suratga olish doirasida rejalashtirilgan.

Shetner “Yulduzli yo‘l” seriali va shu nomdagi 7 qismdan iborat badiiy filmda “Enterprayz” fazoviy kemasining sardori Jyeyms Tiberiy Kirk rolini ijro etgani bilan tanilgan.

Dunyoning eng badavlat odami Jyeff Bezos 20 iyulda o‘zining New Shepard kemasida fazoga parvoz qilishga muvaffaq bo‘lgandi. U bilan birga fazoga uning akasi Mark Bezos, AQSh federal aviatsiya boshqarmasi inspektori, 82 yoshli Uolli Frank va Blue Origin kompaniyasining birinchi fazoviy sayyohi, 18 yoshli talaba Oliver Deymen yo‘l olgandi. Parvoz 10 daqiqa 20 soniya davom etgan va shundan keyin ekipaj a'zolari kapsulada Yerga qaytgan.

Bu hodisadan bir hafta avval esa Blue Origin kompaniyasi fazoga odamlarni yetkazishga ruxsatnoma olishga muvaffaq bo‘lgan.  

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid