O‘zbekiston | 11:54 / 29.09.2021
855
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon boks akademiyasi tashkil etiladi

Viloyatda shakllangan shonli an'analarni yanada rivojlantirish maqsadida Andijon boks akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Toshmuhammad Sarimsoqovning nomini barchamiz yaxshi bilamiz.

Toshmuhammad domla topologiya va funksional analiz bo‘yicha Toshkent ilmiy maktabining asoschisi, yuzlab shogirdlarning ustozi edilar. Xalqimiz u kishining hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, oliy ta'lim vazirligida rahbar lavozimlarida mehnat qilib, respublikamiz taraqqiyoti yo‘lidagi ulkan xizmatlarini hech qachon unutmaydi. 

Fidoyi olimning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va xotirasini abadiylashtirish maqsadida, jumladan, “Sarimsoqov o‘qishlari”ni yo‘lga qo‘ysak, Andijon davlat universitetining iqtidorli talabalari uchun olim nomidagi stipendiyalar tashkil etsak, olim xotirasiga atab, u kishi tug‘ilgan Shahrixon tumanida Toshmuhammad Sarimsoqov nomidagi aniq fanlarga ixtisoslashgan maktab barpo etsak va yodgorlik o‘rnatsak, o‘ylaymanki, har tomonlama adolatli ish bo‘ladi.  

Ma'lumki, Andijon – kuragi yerga tegmagan polvonlar, butun dunyoga tanilgan mohir sportchilar yurtidir. Ayniqsa, Andijon boks maktabining yorqin vakillari bo‘lgan, Muhammadqodir Abdullayev, Hasanboy Do‘stmatov, Iqboljon Xoldorov, Jasurbek Latipov singari o‘nlab mashhur sportchilar, Mars Qo‘chqorov, Aleksandr Razmaxov, Valentin Zolotaryov kabi yuksak malakali murabbiylarning nomlari hammamizga yaxshi tanish. 

Viloyatda shakllangan shonli an'analarni yanada rivojlantirish maqsadida Andijon boks akademiyasini tashkil etsak, ayni muddao bo‘ladi. Bu akademiya – men bunga ishonaman – yurtimizni boks bo‘yicha chempionlar mamlakatiga aylantirishga katta hissa qo‘shadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid