O‘zbekiston | 10:27 / 30.09.2021
8284
3 daqiqa o‘qiladi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Federatsiyasi bosh prokurori bilan uchrashdi

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuraturada Rossiya Federatsiyasi bosh prokurori Igor Krasnovni qabul qildi.

Uchrashuv davomida Rossiya delegatsiyasi vakillariga prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston prokuratura organlarining faoliyat yo‘nalishlari haqida ma'lumot berildi.

Taraflar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash sohalarida tajriba almashish hamda prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida ilm-fan va ta'lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum hamda 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, Nig‘matilla Yo‘ldoshev Igor Krasnovga hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, uni “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlagan.

Eslatib o‘tamiz, Igor Krasnov 2020 yil 20 yanvar kuni Yuriy Chayka iste'fosi ortidan Rossiya bosh prokurori etib tayinlangandi. Ayni vaqtda 44 yoshda bo‘lgan general-leytenant Igor Krasnov advokat Stanislav Markelov va jurnalist Anastasiya Baburovaning qotilligi (2009 yil yanvari) bo‘yicha ishlarni tekshirgandi. U shuningdek, muxolifatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishi (2015 yil yanvari) va Anatoliy Chubaysga suiqasd (2005 yil) bilan bog‘liq ishni tekshirgan. U 1997 yildan prokuratura tizimida faoliyat boshlagan, 2007 yilda Tergov qo‘mitasiga muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi lavozimiga o‘tgan, 2016 yilda Tergov qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgandi.

Mavzuga oid