Jahon | 11:23 / 04.10.2021
5248
3 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada Saakashvili muxolifat yetakchilarini o‘ldirishni rejalashtirgani aytildi

Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvilining ta'kidlashicha, mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili vataniga qaytgach, ig‘volar uyushtirishni va muxolifat yetakchilarini o‘ldirishni rejalashtirgan. U shu yo‘l bilan amaldagi hukumatni jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida yomon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

Irakliy Garibashvili

Garibashvilining aytishicha, Saakashvili 3 oktyabrda saylovlarning dastlabki natijalari e'lon qilingandan keyin “ko‘chalarga 10 mingga yaqin tarafdorini olib chiqib namoyishlar o‘tkazishni, so‘ngra ular davomida yuzaga keladigan tartibsizliklar vaqtida qotilliklar sodir etishni va shu yo‘l bilan amaldagi hukumatni qonuniylikdan mahrum etishni ko‘zlagan”.

“Bu maxsus xizmatlarimiz bergan ma'lumotlardan ayon bo‘ldi. Ularning (Saakashvili va uning tarafdorlarining) rejasi quyidagicha bo‘lgan: avji pallada 10 mingga yaqin odamni safarbar qilishmoqchi bo‘lgan, shunda politsiya Saakashvilini qo‘lga olishga va ehtimol maxsus texnika qo‘llashga majbur bo‘lardi. Versiyalardan biriga ko‘ra, ular shu to‘polon vaqtida muxolifatning bir nechta yetakchisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Bu ularning rahbariyatimizni yomonotliq qilish uchun maqsad qilgan rejalaridan biri bo‘lgan. Shundan keyin xorijda bu yerda muxolifat yetakchilari o‘ldirilayotgani namoyish qilinardi. Ana o‘shanda xorijiy davlatlarda hukumatimiz iste'foga chiqishi va navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishi talab qilingan bo‘lardi”, deb tushuntirgan ushbu rejani Garibashvili.

U Tbilisi Saakashvilining Gruziyaga kelmoqchi bo‘layotganidan va uning Kiyevdan Gruziyagacha harakatlanishining boshidan oxirigacha xabardor bo‘lganini aytgan.

“Biz u qaysi kvartirada yashirinayotganini bilgandik va uni qo‘lga olish uchun qulay fursatni kutdik”, deb qo‘shimcha qilgan Gruziya bosh vaziri.

Uning ta'kidlashicha, Gruziyada bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanayotgan Saakashvili ustidan sud jarayoni “eng yuqori standartlar” bo‘yicha tashkillashtiriladi.

“Fikrimcha, unga juda qulay bo‘ladi. Bizda demokratiya. Bu mutlaq shaffof jarayon bo‘ladi. Dastavval uning advokati bor, uning oldiga tashrif buyuruvchilar kelmoqda, hech qanday muammo bo‘lmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan bosh vazir. 

Avvalroq Garibashvili o‘z intervyusi davomida Saakashvili Ukrainaga qachon qayta olishi mumkinligini aytgandi. Uning ta'kidlashicha, sobiq prezident Gruziyada unga chiqarilgan qamoq jazosini to‘liq o‘tagachgina mamlakatni tark eta oladi.

1 oktyabrda Saakashvili Gruziyaga qaytganini va Batumida ekanini ma'lum qilgan. U vatanida o‘ziga qamoq jazosi xavf solayotganini bila turib bunga borgan.

Shu kun kechki payt Gruziya bosh vaziri Saakashvili ushlanib, turmaga yetkazilganini ma'lum qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid