Saakashvili ozod etilmaguncha ochlikni davom ettirishini aytdi
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili o‘zi va uning sheriklari sifatida hibsga olingan odamlar ozod etilmaguncha ochlikni davom ettirishga qaror qildi. U 1 oktyabrda hibsga olinganidan keyin ochlik e'lon qilgandi. Bu haqda Mtavari Arxi telekanali bosh direktori va Saakashvilining advokati Nika Gvaramiya ma'lum qildi.
“Sizga ma'lum, men ochlik e'lon qildim. Shuni bilishingizni istardimki, uni men va meni deb hibsga olingan odamlar ozodlikka chiqmaguncha davom ettiraman. Men hayotni yaxshi ko‘raman, biroq bu ochlik hayotimning oxirigacha davom etadi”, deb Saakashvilining fuqarolarga yo‘llagan yozma murojaatini o‘qib bergan Gvaramiya. U 4 oktyabrda Rustavi shahridagi turmada saqlanayotgan sobiq prezident bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan.
Gvaramiyaning aytishicha, Saakashvili ochlik natijasida komaga tushsa, turma shifokorlariga uni hushiga keltirishni taqiqlab qo‘ygan.
“Men o‘z oilam va yaqinlarimni xafa qilmoqchi emasman, biroq shifokorlarning hushimni yo‘qotgudek bo‘lsam, tibbiy aralashuv borasidagi takliflaridan bosh tortdim”, deb qo‘shimcha qilgan sobiq prezident.
Bu orada Gruziya bosh prokuraturasi Saakashvili mamlakat chegarasini avval taxmin qilingandek 1 oktyabrda emas, balki 29 sentyabrda kesib o‘tganini ma'lum qildi. Shundan keyin unga 2 fuqaro Zemo Svaneti qishlog‘iga yetib olishida ko‘mak bergan.
Bu holat yuzasidan 1960 va 1984 yillarda tug‘ilgan ota-bola Tsotsoriyalar hibsga olingan. Ular Gruziya g‘arbida joylashgan Poti shahri porti xodimlari hisoblanadi. Avvalroq Saakashvilining Gruziyaga kelishi yuzasidan yana bir kishi - Elguja Tsomaya hibsga olingandi. Ta'kidlanishicha, sobiq prezident aynan Tsomayaning yuk mashinasida Gruziyaga kelgan. Tsomaya, shuningdek, Saakashviliga o‘z uyini berib turgan.
Mavzuga oid
19:12 / 14.10.2024
O‘zbekiston ochlik darajasi eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi
21:52 / 10.10.2024
Dunyoda 733 million kishi ochlikdan qiynalmoqda - hisobot
11:45 / 06.10.2024
“Atirgul inqilobi”dan hibsxonagacha – Mixail Saakashvili kim edi?
18:02 / 27.09.2024