Jahon | 20:18 / 05.10.2021
35838
5 daqiqa o‘qiladi

«Pandora ishi». «Uddaburonlar» qanday fosh etilmoqda?

«Pandora ishi» 6,4 million hujjat, uch million surat, bir milliondan ortiq elektron maktub va qariyb yarim million jadvaldan tarkib topgan. Ularda 90ta davlatdan 330dan ziyod siyosatchi qanday qilib o‘z boyliklarini yashirish uchun offshor kompaniyalardan foydalangani fosh qilingan.

Pandora — dunyoning boy va qudratli ayrim shaxslarining yashirin boyliklari, soliqdan qochganlari va pul yuvganini fosh qilgan, 12 million fayldan iborat bo‘lgan hujjatlar to‘plamidir.

117 davlatda 600 nafardan ortiq jurnalist 14 manbadan olingan fayllarni bir necha oy davomida o‘rganishgan va yakuniy natijalarni e'lon qilishdi.

Ma'lumotlar Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumi (XTJK) tomonidan o‘rganib chiqilgan, surishtiruvda 140 dan ortiq media tashkilotlar ishtirok etgan.

BBC nashriga ko‘ra, Pandora hujjatlari 6,4 million hujjat, uch million surat, bir milliondan ortiq elektron maktub va qariyb yarim million jadvaldan tarkib topgan.

Ushbu hujjatlar ba'zi qudratli shaxslar, xususan, 90ta davlatdan 330dan ziyod siyosatchi qanday qilib o‘z boyliklarini yashirish uchun offshor kompaniyalardan foydalanganini fosh qiladi.

E'lon qilingan ba'zi ma'lumotlar:

  • Iordaniya qiroli noma'lum kompaniyalari orqali Buyuk Britaniya va AQShdagi ko‘chmas mulklarga 70 million funt sterling (100 mln dollar) pul sarflagan;
  • Ozarboyjon prezidenti va uning oila a'zolariga tegishli Buyuk Britaniyadagi mulklar 400 million funtdan ortiqqa baholangan;
  • Chexiya Bosh vaziri Fransiyada 2 ta villani 12 million funtga sotib olganini deklaratsiya qilmagan;
  • Keniya prezidenti Uhuru Kenyatta oilasi bir nechta offshor kompaniyalarga aloqadorligi keltirib o‘tilgan.

«Global Financial Integrity» tadqiqot markazi mutaxassisi Lakshmi Kumarning ta'kidlashicha, ba'zi shaxslar mablag‘larni bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazishda offshor kompaniyalardan foydalangan.

Offshor o‘zi nima?

Offshor – kompaniyalarni boshqa davlatlarda tashkil etish orqali, mulk egaligini yashirish. Masalan, kimningdir Britaniyada mulki bor, biroq tashkiliy jihatdan unga boshqa davlatda egalik qilish offshor hisoblanadi. Odatda bu usul bilan mulkning egasini aniqlash murakkablashadi, soliq to‘lashdan qochiladi.

Buyuk Britaniya va uning dengizorti hududlari, Shveytsariya va Singapurda offshor kompaniyalar ko‘p uchraydi. Bunga ushbu davlatlarda kompaniya ochishning osonligi, qonunlar kompaniya egasi shaxsini ochiqlashni qiyinlashtirib qo‘yganligi va korporativ soliqlar past yoki umuman mavjud emasligi kabi sabablar keltirib o‘tilgan.

Yashirin offshor kompaniyaga ega bo‘lish noqonuniy bo‘lmasa ham, maxfiy kompaniyalarning murakkab tarmog‘idan foydalanib pul va aktivlarni o‘tkazish jinoyatni yashirishning mukammal yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Offshorda pul yashirish osonmi?

Maxfiylik prinsiplari ustun bo‘lgan mamlakatlarda kompaniya tashkil qildingiz. Ro‘yxatda o‘sha kompaniyaning nomigina bo‘ladi, ofis va xodimlar bo‘lmaydi. Siz bu kompaniya nomidan ish yuritish uchun ushbu sohada faoliyat yuritadigan maxsus firmalarga ma'lum miqdorda pul to‘laysiz. Bu firmalar esa kompaniya rahbari sifatida o‘z direktorlarning ismi va manzilini taqdim qiladi. Shu bois bu biznes ortida kim turganini ko‘rsatuvchi iz qolmaydi.

Offshorda qancha pul yashirilgan?

Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumiga ko‘ra, 5,6 trlndan 32 trlngacha mulk offshor ko‘rinishida. Xalqaro valuta fondiga ko‘ra esa, shu sabab mamlakatlarga 600 mlrd soliq to‘lanmay qolyapti.

Lakshmi Kumarning ta'kidlashicha, offshor kompaniyalar jamiyat uchun o‘ta zararlidir: «Pulni yashirish hayotingizga bevosita ta'sir qiladi... U bolangizning ta'lim olishi, sifatli sog‘liqni saqlash xizmati va uy-joyga bo‘lgan imkoniyatlarga jiddiy ziyon yetkazadi».

Buyuk Britaniya offshorga qarshi qanday kurashmoqchi?

O‘z hududidagi mulkka xorijdagi anonim kompaniyalar egalik qilishiga yo‘l qo‘yib berayotgani sabab Britaniya hukumati anchadan beri xalqaro maydonda tanqidlarga uchrab keladi.

Mamlakatda 2018 yilda mulklarning oxirgi egasini ochiqlashni talab qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaralmay, u hozirgacha parlament a'zolari muhokamasiga qo‘yilmagan.

2019 yilgi parlament hisobotida aytilishicha, ayni paytdagi mamlakatda hukm surayotgan tizim pul yuvuvchilar uchun ajoyib imkoniyatlar yaratadi va ularni o‘ziga tortadi.

Hukumat keyingi davrda bu borada jiddiy ishlarni amalga oshirishini va parlamentda mamlakatdagi mulkka egalik qiladigan offshor kompaniyalar reyestrini joriy qilish masalasini muhokama qilishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid