Jahon | 11:29 / 08.10.2021
7487
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh senati mamlakat tarixidagi ilk defoltga yo‘l qo‘ymadi

AQSh senatida demokratlar va respublikachilar davlat qarzining yuqori chegarasini oshirishga kelishib oldi. Shu tariqa ular mamlakat tarixida yuz berishi mumkin bo‘lgan birinchi defoltga yo‘l qo‘yishmadi.

Foto: NYT

Davlat qarzi limiti 480 mlrd dollarga oshirildi. Bu esa davlat sarf-xarajatlarini 3 dekabrgacha qoplash imkonini beradi.

Avvalroq senatda ozchilikni tashkil qiluvchi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell AQSh tarixidagi birinchi defoltga yo‘l qo‘ymaslik uchun uning partiyasi limit oshirilishiga qarshilik ko‘rsatmasligini aytgan. 

Oq uyning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti Jo Bayden kongressning vakillar palatasi senat qarorini ma'qullashi bilan uni imzolaydi. Quyi palata oktyabrning ikkinchi yarmida o‘z ishiga qaytadi.

6 oktyabrda Bayden AQSh davlat qarzi yuqori chegarasi atrofidagi vaziyatni milliy iqtisodiyotga xavf solayotgan meteorga qiyoslagan. U respublikachilar partiyasini davlat qarzi limitining oshirilishiga qarshilik ko‘rsayotgani uchun tanqid qilgan.

28 sentyabrda AQSh moliya vazirligi davlat qarzi limitini oshirish yoki uni cheklamaslikdan bosh tortilsa, mamlakatda defolt yuz berishi xavfidan ogohlantirgan. Moliya vaziri Jenet Yyellen agar limit oshirilmasa, unda AQSh budjet mablag‘lari oktyabrda tugashi, buning oqibatida iqtisodiyot retsessiyaga kirishi va mamlakat kuchsizlanishini aytgan.

1 avgustda AQShda davlat qarziga cheklov yana kuchga kirdi. Bu cheklov 2 yil davomida amal qilmagandi. O‘sha davrda AQSh davlat qarzi uning yalpi ichki mahsulotidan ko‘proqni tashkil qilgan, 2021 yil iyunida esa 28,5 trln dollarga yetgan. Avgustdan davlat qarziga limit 22 trln dollar qilib belgilangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid