O‘zbekiston | 14:28 / 12.10.2021
663
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahri hududi atrofdagi tumanlar hisobidan kengaytiriladi

Buxoroda bugungi kunda 10 mingdan ziyod oila yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Advantour

“Har yili 16 mingdan ziyod yangi oila qurilmoqda. Shu bois, kelgusi besh yilda 20 mingdan ortiq xonadonli uy-joylar quriladi. 

Joriy yildan boshlab, “Bog‘dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura obektlarini o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi. Birinchi bosqichda viloyatning G‘ijduvon va Buxoro tumanlarida, ikkinchi bosqichda Romitan, Vobkent, Kogon va Qorako‘l tumanlarida qurilishlar amalga oshiriladi. Bunda ehtiyojmand oilalarga boshlang‘ich va foiz to‘lovlari uchun, yiliga 120 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.

Buxoro shahri hududi atrof tumanlari hisobidan 3,5 ming gektarga kengayadi. Viloyatdagi 620 ta ko‘p kvartirali uylar ta'mirlanadi va shu orqali 146 ming nafar aholining turmush sharoiti yaxshilanadi.

Buxoro uchun eng dolzarb bo‘lgan aholini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta'minlash qamrovi hozirgi 62 foizdan kamida 90 foizga yetkaziladi. Bunga 600 million dollar jalb qilinib, 2 ming kilometr ichimlik suvi, 600 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 110 ta suv inshootlari quriladi va ta'mirlanadi. Eng muhimi, 700 mingdan ziyod aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi, 165 mingdan ziyod aholining oqova suv xizmatini yaxshilashga erishiladi.

Buxoro viloyati aholisi murojaatlari ichida yo‘llarni ta'mirlash masalasi eng dolzarb o‘rinlarda turadi. Shu bois, keyingi besh yilda 3,5 ming kilometr avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar, 412 ta ko‘prikni qurish-ta'mirlash uchun qariyb 3,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 6 ming kilometr elektr tarmoqlari va 1,5 ming dona transformator yangidan quriladi va ta'mirlanib, 334 ta mahalla aholisining elektr ta'minoti yaxshilanadi. Bu o‘tgan besh yilga nisbatan ikki barobar ko‘p. 

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida kelgusi besh yilda 130 ta qishloq va mahallada keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilib, bunga 1,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid