Jahon | 18:35 / 12.10.2021
39362
4 daqiqa o‘qiladi

Iroq razvedkasi IShIDning «bosh hisobchisi»ni tutdi. AQSh uning uchun 5 mln dollar mukofot va'da qilgandi

Iroq maxsus xizmatlari Sami Jasim al-Jaburiy qo‘lga olingani haqida ma'lum qildi. O‘tmishda u IShID iyerarxiyasidagi ikkinchi raqamli shaxs bo‘lgan.

Foto: IRAQ SECURITY MEDIA CELL

Hoji Hamid nomi bilan ham mashhur bo‘lgan va guruhning moliyaviy ishlari bilan shug‘ullangan Jasim qo‘lga olinganini mamlakat bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy ma'lum qildi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Jasim Iroq razvedkasi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro amaliyot chog‘ida qo‘lga tushirilgan. Bu amaliyot aynan qaysi mamlakat hududida bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritilmadi.

Hoji Hamid uchun AQSh hukumati 5 mln dollar miqdorida mukofot e'lon qilgandi.

FQB ma'lumotlariga ko‘ra, Jasim budjetni IShID a'zolari amalga oshirgan teraktlar uchun taqsimlashdan tashqari neft, gaz, qazilma boyliklar va antikvariat mollarning savdosi bilan ham shug‘ullangan.

Jasimning tutilishining ahamiyati Iroq xavfsizlik xizmati uchun u IShID uchun almashtirib bo‘lmas mutaxassis ekanida emas. Uning o‘rniga tez orada boshqa odam topilishi tabiiy.

BBC’ning mudofaa masalalari bo‘yicha korrespondenti Frenk Gardnerning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda eng muhimi - unda guruh haqida, jumladan yaqin vaqtlar ichida rejalashtirilgan hujumlar haqida ko‘p miqdordagi muhim ma'lumotlar borligidir.

Iroq maxsus kuchlari matbuot xizmati qo‘lga olingan shaxs Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘rniga tashkilotga rahbarlik qilayotgan Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Mavliyning yaqin kishilaridan hisoblangan.

2019 yil oktyabri oxirida amerikalik harbiylar Suriyaning Idlib viloyatidagi al-Bag‘dodiy yashiringan villaga reyd o‘tkazgandi. Uning qo‘riqchilari yo‘q qilingan, o‘zi ham qochish vaqtida otib tashlangandi.

«Frans press» ma'lumotiga ko‘ra, Iroq razvedkasi Jasimni Turkiyada qo‘lga tushirgan. Turkiya hukumati Bag‘doddagilar bu haqdagi bayonoti yuzasidan munosabat bildirmadi.

Sentabr oyi o‘rtalarida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron fransuz harbiylari G‘arbiy Sahroyi Kabir hududida IShIDning yuqori martabali rahbarlaridan yana biri Adnan Abu Volid al-Sahroiyni yo‘q qilishgani haqida ma'lum qilgandi.

Foto: AP Photo/Abdullah Sahil

Al-Sahroiy o‘z guruhini 2015 yilda tashkil etgan. Bu guruh rahbariyatida undan tashqari IShIDning asosiy rahnamolari - Abu Bakr al-Bag‘dodiy va Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy ham bo‘lgan.

IShID xalifaligi qaysidir pallada Iroq sharqidan Suriya g‘arbigacha bo‘lgan hududlarda 88 ming kvadrat kilometr maydonda hukmronlik qiladi. Terrorchilar hukmronligi ostidagi aholi soni sakkiz million kishi atrofida bo‘lgan.

2017 va 2018 yillarda IShID jang maydonlarida tor-mor etiladi, avvaliga Iroqda, keyin Suriyada tashkilot o‘z ta'siriga olgan hududlarini boy beradi. Ammo guruh shundan keyin ham dunyo bo‘ylab uyushtirilgan turli hujumlar uchun javobgarlikni zimmasiga olib kelmoqda. Xususan, so‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda sodir etilgan ikki yirik terakt ham ushbu guruh ta'siridagi terrorchilar tomonidan sodir etilgani ma'lum qilingan, avgust oyi oxirida evakuatsiya jarayoni vaqtida Kobuldagi aeroport yaqinida sodir etilgan portlash 200ga yaqin kishini hayotdan olib ketdi, oktabr oyi boshida Afg‘onistonning Qunduz shahridagi shialar masjidida juma namozi vaqtidagi terakt tufayli kamida 50 kishi halok bo‘lgan.

BMTning yaqinda e'lon qilgan hisobotida aytilishicha, IShIDning asosiy kuchlari yana Iroq va Suriyada Amir al-Mavliy rahbarligida to‘planmoqda. Afrika, Afg‘oniston va Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlarida yangi hujumlar amalga oshirilishi mumkinligi aytilgan.

Mavzuga oid