Afg‘onistonda yana shialar masjidida portlash. O‘nlab qurbonlar bor
Afg‘onistonning Qandahor viloyatidagi shialar masjidida juma namozi vaqtida portlash sodir bo‘ldi. «Baxtar» agentligi ma'lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 62 kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralangan. Bu amerikalik harbiylar olib ketilganidan buyon mamlakatda sodir etilgan eng qonli terakt bo‘ldi.
O‘tgan haftada ham Qunduzdagi shialar masjidlaridan birida juma namozi vaqtida terrorchi xudkush o‘zini portlatishi oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan - bu amerikaliklar avgust oyi oxirida mamlakatni tark etganidan buyon sodir etilgan eng yirik teraktga aylangandi.
Bu safargi portlash ham terrorchi xudkush o‘zini portlatishi oqibatida sodir etilgani istisno qilinmayapti.
Guvohlar «Frans press» agentligiga uchta portlash ovozini eshitishgani haqida aytishgan: ularning so‘zlariga ko‘ra bir portlash Bibi-Fotima masjidiga kirish qismida, boshqasi masjidning janubiy qismida, uchinchisi - masjid tahoratxonasida ro‘y bergan.
«Frans press»ning Qandahordagi korrespondenti xabar berishicha, portlash ro‘y bergan vaqtda masjid hududida odam ko‘p bo‘lgan. Voqea joyiga kamida 15ta «Tez yordam» mashinasi yetib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda masjid ichkarisida ko‘plab jasadlar va jarohatlangan namozxonlar yotgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan.
«Tolibon» harakati vakillari ham voqea joyiga yetib kelishgan, ular mahalliy aholini jabrlanuvchilar uchun qon topshirishga chaqirishmoqda.
Toliblar vakili Qori Said Xo‘stiy hozirda masjidga qilingan hujum tafsilotlari o‘rganilayotganini ma'lum qilgan.
8 oktabr kuni Qunduzda sodir etilgan portlash uchun javobgarlikni «IShID-Xuroson» guruhi o‘z zimmasiga olgandi.
Asosan sunniylar yashovchi Afg‘onistonda diniy ozchilikni tashkil etuvchi shialar IShID uchun nishonga aylangan. Afg‘on shialarining aksar qismi - forsiy tilida so‘zlashuvchi hazoriylardir.
Eronning Afg‘onistondagi elchixonasi Qandahordagi hujumni keskin qoraladi.
«Umid qilamizki, «Tolibon» yetakchilari vahshiylarcha amalga oshirilgan ushbu terrorchilik hujumiga qarshi qat'iy harakatlarni amalga oshiradi», deyiladi elchixonaning tvitterdagi xabarida.
IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi hisoblanuvchi «IShID-Xuroson» «Tolibon»ga qarshi turmoqda va so‘nggi haftalarda mamlakatning sharqiy hududlarida toliblarga qator hujumlar uyushtirdi.
Bu guruh yaqin o‘tmishda ham Afg‘onistondagi diniy ozchilik hisoblangan shialarga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtirgan: xudkush terrorchilar masjidlar, sport klublari va maktablarni portlatgan. So‘nggi haftalarda ishidchilar toliblarga hujumlar kampaniyasi olib bordi.
Moskva: Afg‘oniston shimolida IShIDning yuzlab jangarilari bor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni IShID ta'siridagi yuzlab jangarilar Afg‘oniston shimolidagi hududlarda o‘rnashgani haqida gapirdi.
«Rossiya razvedkasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat shimolida IShIDning 2000ga yaqin jangarisi bor», degan Vladimir Putin.
Bundan avvalroq Putin IShIDning Iroq va Suriyada jang qilgan a'zolari Afg‘onistonga ko‘chib o‘tgani va ular sobiq ittifoq o‘rnida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi respublikalardagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi mumkinligi xavfi borligini aytgandi
Putin amerikaliklar ketgach Afg‘onistondagi vaziyat murakkablashganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat IShIDga aloqador guruhlar faollashuvi tufayli murakkablashmoqda.
Keyingi haftada Moskvada Afg‘onistondagi vaziyat keng muhokama qilinadi. Muzokaralarda Rossiyadan tashqari, AQSh, Xitoy va Pokiston tomonlari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun Moskvaga «Tolibon» delegatsiyasi ham taklif qilingan.
Mavzuga oid
15:12 / 09.11.2024
Pokistondagi stansiyada terakt: 24 kishi halok bo‘ldi
10:10 / 02.11.2024
«Krokus»dagi terakt: ishda to‘rt nafar yangi ayblanuvchi paydo bo‘ldi
22:10 / 25.10.2024
Turkiya poytaxtida terakt uyushtirganlarning shaxsi aniqlandi
01:02 / 24.10.2024