Jamiyat | 12:21 / 21.10.2021
7632
3 daqiqa o‘qiladi

“Ta'mirdan so‘ng yo‘l necha yil xizmat qilishi kerakligi belgilanmagan” – senator

Senator Qutbiddin Burhonov amaldagi qonun hujjatlarida avtomobil yo‘lini joriy ta'mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani sababli yo‘llar qisqa muddat ichida yana ta'mirga muhtoj holatga kelib qolayotganini ta'kidladi.

Senatning ayni daqiqalarda davom etayotgan XX yalpi majlisida mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari hamda sun'iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta'minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘roviga berilgan javob senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

“Senat qarori bilan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar yuzasidan asosli javoblar taqdim etilmagan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 1 noyabrdagi 226-sonli qaroriga ilova qilingan Avtomobil yo‘llarini ta'mirlash va saqlash ishlari tasnifida avtomobil yo‘lini joriy ta'mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani va bu hol jiddiy muammolarga sabab bo‘layotgani e'tiborsiz qoldirilgan. Ya'ni qurilgan yo‘llarning muddati, kafolati umuman ko‘rsatilmagan.

Joriy ta'mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani oqibatida esa amalga oshirilgan yo‘l ishlarining sifatsiz bajarilishiga va o‘z navbatida joriy ta'mirlash ishlari bajarilganidan so‘ng ma'lum muddat foydalanmasdan yana ta'mirga muhtoj holatga kelishiga sabab bo‘lmoqda”, deya Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yo‘l qurilishi sohasida pudratchi tomonidan bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash bo‘yicha sinov laboratoriyasi aynan pudratchining o‘zi tomonidan jalb qilinayotgan holatlar mavjud. Bu esa tizimda korrupsiyaviy omillarni yuzaga keltirmoqda. Biroq hukumat tomonidan berilgan javobda parlament so‘rovida ko‘tarilgan ushbu og‘riqli masala yechimi yuzasidan ham aniq ma'lumot taqdim etilmagan va bu senatorlarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid