Jahon | 20:43 / 25.10.2021
4736
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada rossiyalik sayyohlar o‘rmonga o‘t qo‘yishda gumonlanib hibsga olindi 

Foto: Reuters

Turkiyaning Antaliya shahrida 7 nafar rossiyalik sayyoh o‘rmonga o‘t qo‘yishda gumonlanib hibsga olindi. Ularga 7 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda.  

Rossiyaliklar advokatining aytishicha, ularga ehtiyotsizlik natijasida o‘rmon yong‘inini keltirib chiqarish ayblovi bildirilmoqda. Turkiyada ushbu jinoyat 2 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Rossiyaning Antaliyadagi bosh konsulxonasi xabar berishicha, rossiyaliklar Antaliya yaqinidagi “Likiya so‘qmog‘i” deb nomlangan yo‘nalishni o‘tish vaqtida hibsga olingan. 24 oktyabrda ushbu holat yuzasidan sud jarayoni bo‘lib o‘tgan va uning davomida sudgacha tergov tugamagunga qadar sayyohlarni hibsga olishga qaror qilingan.

Anadolu axborot agentligining xabar qilishicha, rossiyaliklar yong‘in boshlangan Sivri Dag‘ deb nomlangan joyda lager o‘rnatib, olov yoqqan.

O‘z navbatida, rossiyaliklar yo‘nalishni o‘tish vaqtida yong‘inni ko‘rib, 911 shoshilinch xizmatini chaqirtirishganini ma'lum qilishgan. 

“Likiya so‘qmog‘i bo‘ylab ketayotganimizda yong‘inni ko‘rdik va uni o‘chirishga harakat qildik hamda 911 xizmatini chaqirtirdik. Biroq mahalliy aholi bizni ushlab, jandarmlarni chaqirtirdi. Natijada surishtiruvdan keyin sud bizni hibsga olishga qaror qildi va qamoqqa jo‘natdi”, deb ma'lum qilgan Instagram’da hibsga olingan sayyohlardan biri Dmitriy Korshunov.

Sayyohning ta'kidlashicha, ularga taqdim etilgan advokatlar na rus, na ingliz tilida so‘zlashishni biladi.

Rossiya bosh konsulxonasida Turkiya tomonidan rossiyaliklarga bepul advokatlar, ko‘rsatmalar berish va sud vaqtida tarjimonlar taqdim etilgan. Konsulxona xodimlari hamyurtlari oldiga tashrif buyurib, ularga bildirilayotgan ayblovlar mohiyatini tushuntirishgan.  

Likiya so‘qmog‘i O‘rta Er dengizi sohili bo‘ylab cho‘zilgan yo‘nalish bo‘lib, uning uzunligi 540 kmni tashkil qiladi. U dunyodagi eng chiroyli va qiziqarli sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid