O‘zbekiston | 16:02 / 27.10.2021
13109
4 daqiqa o‘qiladi

Nurdinjon Ismoilov prezident saylovi natijasiga baho berdi

“Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylangani – mamlakatimizning barcha fuqarolari g‘alabasidir”, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Ismoilov parlament saytida e'lon qilingan maqolasida shunday yozadi:

“O‘zbekiston xalqi jamiyatimizda ro‘y berayotgan shaxdam va davomli yutuqlarni, ko‘lamdor ijobiy o‘zgarishlarni, oddiy fuqarolarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, bag‘rikenglik, yuksalayotgan turmush darajasi va odamlarning hayot farovonligi ortib borayotganligini mamnuniyat ila Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq ulkan voqelik deya, e'tirof etadilar. Saylov natijalari mazkur samimiy e'tirofning amaliy isboti bo‘ldi”.

Spiker, Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari lavozimidagi bundan keyingi faoliyati ham “dastlabki yillarda asos solingan istiqbolli rejalar, keng ko‘lamli islohotlarning izchilligini ta'minlashi” hamda “kelajakda mamlakatni yanada rivojlantirishda o‘zining yorqin ifodasini topishi”ga ishonch bildirgan.

“Bugun O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan qudratli, gullab-yashnayotgan, mustaqil, ochiq va demokratik davlat deya e'tirof etilmoqda. Bu Shavkat Mirziyoyevning turli davrlarda amalga oshirgan va unga haqli ravishda chinakam milliy yetakchi sifatida obro‘-e'tibor keltirgan ko‘p yillik samarali faoliyati natijasidir”, – ta'kidlaydi Ismoilov.

Spikerning fikricha, O‘zbekiston xalqining amaldagi prezidentiga yana bir bor ishonch bildirgani – bu “barqaror taraqqiyot uchun, Yangi O‘zbekistonning nurli istiqboli uchun berilgan ovozlardir”.

Quyi palata rahbari Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz to‘plaganiga munosabat bildirarkan, bu saylovchilar tomonidan hozirgi siyosat “astoydil qo‘llab-quvvatlanishi”, prezidenti erishgan “yuksak ehtiromning yana bir tasdig‘i” bo‘lganini qayd etgan.

U Shavkat Mirziyoyevning “vatanimiz oldidagi ulkan xizmatlari, yetakchilik iqtidori hamda zakovati”ni e'tirof etib, uni “takrorlanmas burch va mas'uliyat sohibi” deb ta'riflaydi.

“Davlatimiz rahbarining aynan boshqaruvdagi o‘ziga xos qobiliyati, tanlagan yo‘li O‘zbekistonning tinimsiz rivojlanib borishiga imkon bermoqda. Mazkur sa'y-harakatlar demokratik huquqiy davlatchilikni qaror toptirish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lidan og‘ishmay olg‘a borishni ta'minlaydi.

Shavkat Mirziyoyevning yangi prezidentlik muddati mamlakatimizda keskin institutsional islohotlarni amalga oshirish, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini bundan-da mustahkamlash, qator ijtimoiy muammolarni adolatli tarzda hal etish va eng asosiy ko‘rsatkich – xalq roziligiga erishishdek ezgu, ko‘lamdor maqsadlari ushalishiga imkoniyat beradi.

Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, biz barchamiz mamlakatimizning tan olingan yetakchisi atrofida jipslashishimiz kerak. Shuni chuqur anglagan holda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari umumxalq e'tirofi, ishonchiga va e'zoziga sazovor bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan yurtimizni yuksaklikka eltuvchi yo‘lni to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ta'minlashga azm-u qaror qilgan”, – deya xulosa qilgan Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov.

Mavzuga oid