O‘zbekiston | 14:11 / 27.11.2018
8730
4 daqiqa o‘qiladi

Nuriddinjon Ismoilov Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan uchrashdi.

Foto: akorda.kz

Oqo‘rda matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari mehmonni tashrif bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning ijobiy dinamikasini ta'kidlab o‘tdi.

«Bugungi munosabatlarimiz yaxshi darajada. Biz Shavkat Mirziyoyev bilan yiliga bir necha bor uchrashmoqdamiz va iqtisodiy hamda siyosiy hamkorlik sohasidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilyapmiz. Imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ikki davlat parlamentlari muhim rol o‘ynaydi», - dedi u.

O‘z navbatida, N.Ismoilov o‘z navbatida O‘zbekiston prezidenti nomidan salom yetkazdi, shuningdek, ikki mamlakat parlamenti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari haqida so‘zlab berdi.

«Haqiqatdan ham, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishning yuksak darajasiga chiqdi. Bu, birinchi navbatda, O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligida yangi davr ochib bergan, ikki davlat prezidentlari o‘rtasidagi iliq hamda do‘stona munosabatlar tufayli yuz bermoqda», - dedi spiker.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi xabar qilishicha, Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonga rasmiy tashrif doirasida 27 noyabr kuni Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi parlamenti yuqori palatasida ham bo‘lib, Senat raisi Kasim-Jomart Tokayev bilan muloqot o‘tkazdilar.

Foto: parliament.gov.uz

Uchrashuv davomida ta'kidlanganidek, davlatlar rahbarlarining o‘zaro birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlari keyingi yillarda yanada izchillik bilan rivojlanib bormoqda.  

- Butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy rivojlanish, barqarorlik va xavfsizlik mamlakatlarimizning faol hamkorligi hamda Qozog‘iston va O‘zbekistonning jahon arenasidagi birgalikdagi sa'y-harakatiga bog‘liq, - deydi Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati raisi Kasim-Jomart Tokayev.

Ikki mamlakat parlamentlarining hamkorligini yanada kuchaytirish mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi. Jumladan, alohida qayd etilganidek, mazkur jarayonda xalqaro tajribani o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash zarur.

Foto: parliament.gov.uz

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov samimiy qabul uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirib, so‘nggi paytlarda ikki mamlakatning oliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini ta'kidladi. Ayniqsa keyingi ikki yil ichida O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi deputatlari turli tadbirlarda ishtirok etish uchun bir necha bor Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldilar. O‘z navbatida, Qozog‘iston parlamenti a'zolari ham bir necha bor O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu esa, parlamentlararo munosabatlarning yuqori bosqichga chiqayotganidan dalolatdir.    

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan muloqot chog‘ida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nuriddinjon Ismoilov O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid