Jahon | 07:44 / 29.10.2021
9563
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘ta baland binolar qurilishi cheklanmoqda

Mamlakatda kichik shaharlarga o‘ta baland binolar qurish taqiqlanyapti.

Foto: Getty Images

Xitoyda dunyodagi eng baland bino, jumladan, 128 qavatli Shanhay minorasi ham bor. Mahalliy xabarlarda aholi u qadar zich bo‘lmagan shaharlarda osmono‘par binolarni qurish zaruriyatini shubha ostiga qo‘ygan, deya yozmoqda BBC.

Ular qulaylik uchun emas, shuhratparastlik sababli qurilgani aytilgan. Hozirda balandligi 500 metrdan ortiq bino qurish taqiqlangan.

E'lon Weibo ijtimoiy tarmog‘ida olqishlar bilan kutib olindi. Ko‘pchilik o‘ta baland osmono‘par binolar “kerak emas, foydali emas”, deb aytgan. Avvalroq, joriy yilda mamlakatda “xunuk arxitektura” man etilgandi.

“Biz odamlar haqiqatan ham tarixda qoladigan biror nima yaratishga o‘ta kuchli harakat qilayotgan bosqichni boshdan kechiryapmiz. Har bir bino diqqatga sazovor joy bo‘lishga intiladi, quruvchi va shaharsozlar yangilik hamda o‘ziga xoslikni qo‘llagan holda mana shu maqsadga erishishga harakat qiladi”, - degan Tunszi universitetining Arxitektura va shaharni rejalashtirish kolleji rahbari Jang Shangshu.

Yangi qoidalar bo‘yicha nimalarga amal qilish kerak?

Uy-joy qurilishi, shahar va qishloq rivojlanishi vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan e'lon qilingan qo‘shma bayonotda aholisi 3 milliondan kam bo‘lgan shaharlarga balandligi 150 metrdan (492 fut) ortiq bo‘lgan osmono‘par binolar qurish taqiqlanishi aytilgan. Aholisi mazkur ko‘rsatkichdan ortiq bo‘lgan shaharlarga balandligi 250 metrdan ortiq bo‘lgan binolar qurish man etiladi.

Aholisi 3 milliondan kam bo‘lgan shahar balandligi 150 metrdan ortiq osmono‘par bino qurishni istasa, vazirlikka murojaat etishi kerakligi aytildi. Biroq har qanday holatda ham balandligi 250 metrdan ortiq bino qura olmaydi.

Xuddi shunday, aholisi 3 milliondan ortiq shahar muayyan holatlarda balandligi 250 metrdan ortiq bo‘lgan osmono‘par bino qurish bo‘yicha ariza berishi mumkin, biroq balandligi 500 metrdan ortiq bino qurilishiga qat'iy taqiq mavjud.

Bayonotda aytilishicha, ushbu yangi qoidalarni buzuvchi loyihalarni ma'qullaganlar umrbod javobgarlikka tortiladi.

Mavzuga oid