Jamiyat | 18:34 / 31.10.2021
42070
8 daqiqa o‘qiladi

“Bu biz uchun oddiy hol” - surxondaryoliklar qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh haqida

“Qarindoshlarimiz o‘rtasida qurilgan oilalar shunchalik ko‘pki, qaysi biri qanaqa qarindoshligini eslab qolish ham qiyin. Masalan, amakim singlisiga qiz bergan, tog‘am xolam bilan quda bo‘lgan...”

Foto: Kun.uz

Yaqinda Davlat xizmatlari agentligi qarindoshlar o‘rtasida tuzilayotgan nikohlar bo‘yicha statistikani e'lon qildi. Unga ko‘ra, qarindoshlar o‘rtasida eng ko‘p nikoh Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Kun.uz Surxondaryoda qarindoshlar o‘rtasida nikoh soni nima sababdan yuqori ekani, oila qurishda qanday urf-odatlar borligi haqida uch nafar surxondaryolik xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

“Shunchaki odatiy hol”

Anonim suhbatdosh qiz, 24 yoshda, magistratura talabasi, turmushga chiqmagan:

— Bizda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga odatiy hol sifatida qarashadi. O‘zimizning qarindoshlarimiz o‘rtasida qurilgan oilalar shunchalik ko‘pki, qaysi biri qanaqa qarindoshligini eslab qolish ham qiyin. Masalan, amakim singlisiga qiz bergan, tog‘am xolam bilan quda bo‘lgan. Nafaqat hozirgi yoshlar, ota-onalarimizning o‘zlari ham asosan qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh asosida oila qurishgan. Eng kamida, ko‘pchilik oila qurganlar bir-biriga uzoq qarindosh.

Lekin hozir bizning qarindoshlarimiz oilalari o‘rtasidagi nikohlarni to‘xtatish harakatida. Shunday bo‘lsa-da, atrofimizdagi odamlar, qo‘shnilarimiz, qishlog‘imizdagilar qarindoshlariga qiz beryapti.

Lekin men qarindoshimga turmushga chiqishni xohlamayman. Ham nogiron farzandlar tug‘ilishi ehtimoli borligi, ham ertaga men sababli ota-onam bilan qaysidir qarindoshining munosabatlari yomonlashishidan qo‘rqaman.

 “Qarindosh sinalgan, o‘zimizniki”

Anonim suhbatdosh ayol, 50 yosh:

— Yetti yot begona odamlarga qiz bergandan ko‘ra, o‘zingiz yaxshi bilgan, tanigan qarindoshga qiz berish ma'qulroq, deb o‘ylayman. Begona odamlar ertaga qizimizni qaytarib yuborsa nima bo‘ladi. Qarindoshlar esa sinalgan, o‘zimizniki.

Farzandlarimiz ham sog‘lom tug‘ilishyapti. Faqat ba'zi-ba'zida qarindoshlar o‘rtasida nikoh sabab farzandi nogiron tug‘ilibdi, degan gapni eshitib qolmasak, lekin farzandlarimiz sog‘lom, egizaklar ko‘p.

Qizlar oldindan “band qilib” qo‘yiladi

Bizda mayda-mayda (yoshi kichik) qizlar ham oldindan “band qilib” qo‘yiladi. To‘g‘ri, hozir vaziyat judayam oldingiday emas. Qizlar katta bo‘lguncha oldindan og‘iz solib qo‘yish haqida kamroq o‘ylashyapti. Lekin baribir to‘ylarda, ma'rakalarda qizlarni ko‘rib, kelinlikka tanlab qo‘yish odati butunlay yo‘qolmagan.

Yaqinda bir qarindoshimiz o‘g‘lini uylantirish uchun ancha payt qiz qidirdi. Ma'rakalardan birida kelin izlayotgan ayolga o‘zining jiyanini tavsiya qilishdi. Shu bilan qiz o‘zining ammasining o‘g‘liga kelin bo‘lib ketdi, katta to‘y qilib berishdi. Ammaning o‘zi ham vaqtida qarindoshiga kelin bo‘lgan.

17-18 yosh qizlarning to‘yi bo‘lyapti

Bu yil o‘qishga hujjat topshirmagan yoki o‘qish niyati bo‘lmagan 2003-2004 yillarda tug‘ilgan (17-18 yosh) qizlarning to‘yi bo‘lyapti. Undan kattalar uzatilib bo‘ldi deyarli. Qo‘shnimiz 9-sinf qizini xolasining o‘g‘liga unashtirib qo‘ydi yaqinda. Bizning do‘konimiz bor, o‘sha qiz maktabga borish-qaytishda u-bu narsa olgani do‘konga kirib qoladi, har ko‘rganda “endi o‘qigani bilan nima bo‘lardi, baribir maktabni bitirishi bilan turmushga chiqadi”, deb o‘zimcha o‘ylab qo‘yaman.

17-18 yoshli qizlar hali yosh bola bo‘ladi. Lekin hayron qolarlisi, qizlar turmush qurgandan so‘ng oilani, ro‘zg‘orni eplab ketishadi. O‘qimagandan, ro‘zg‘ordan boshqa tashvishi yo‘q bo‘lgandan keyin o‘rganishga qiynalmasa kerak.

“O‘zbakka qiz berdingmi, deyishadi...”

Anonim suhbatdosh, 23 yoshda, magistratura talabasi, hali turmushga chiqmagan:

— Mening millatim – tojik. Termizda tojik millatiga mansub aholining soni o‘zbeklar bilan deyarli teng. Tojiklarning o‘zi ham 3ta urug‘ga ajraladi: panjobi, sayrobiy, darbandiy.

Qizlarni uzatayotgan paytda odamlar, avvalo, tojiklarning ham shu 3ta urug‘iga alohida ahamiyat qaratadi. Masalan, panjobilar panjobiga qiz berishga imkon qadar harakat qiladi, agar yaxshi nomzod chiqmasagina keyin boshqa urug‘ haqida o‘ylab ko‘rishadi. Hatto panjobi urug‘i ham bir nechta tarmoqlarga ajraladi: men faqat sanoniy, sheyxoniy, shixistonagiy tarmoqlari haqida bilaman. Men sanoniyman, tojiklarning sanoniylari o‘zlarini yaxshi deb biladi, shuning uchun ular iloji boricha sanoniylarga qiz berishni xohlaydi.

Termizda tojiklar qizlarini iloji boricha boshqa millat vakiliga berishmaydi. O‘zbeklarga turmushga chiqqanlarni “Ha, qizingni o‘zbakka berdingmi? Tojikdan kuyov topilmadimi?” deb malomat ham qilishadi.

O‘z navbatida, o‘zbeklar ham tojiklarni janjalkashroq, shaddod deb biladi. Zamonaviyroq oilalar o‘zbeklar yoki boshqa millatlarga qiz uzatmasa, ko‘pchilik boshqalarga qiz berishni uncha xushlamaydi.

Bizda menga yoqmaydigan yana bir jihat: qizlarni turmushga berishsa, yoshi katta qarindoshlarning hammasiga kuyov yoqishi kerak. Lekin ota-onam men uchun qaror qabul qilishini xohlayman. Ammam, amakim, yana boshqalar taqdirimni hal qilishlari to‘g‘ri emas.

“Rishtalarni mustahkamlash uchun”

— Yaqin 10 kun oldin uydagilarim qo‘ng‘iroq qilib yangamning ukasiga uzatishmoqchi ekanini, bundan “hamma xursand” ekanini, mening roziligim shartmasligini, faqat ogohlantirib qo‘yishmoqchi ekanliklarini aytishdi. Hamma deganda amakilarim, ammalarim, buvim va boshqa qarindoshlarimni nazarda tutyapman.

“O‘zimizning urug‘dan, qarindoshimiz – hamma shu nomzodni ma'qullayapti”, deyishdi. To‘g‘risi, juda xafa bo‘lib ketdim. Men u odamga turmushga chiqishni umuman xohlamayman. Uydagilar majburlashgani uchun o‘zimni majburlab gaplashib ko‘rdim. Fikrim o‘zgarmadi, sababi u yigit oliy ma'lumotli emas, men uchun bu ham muhim emas, biroq u umrida biror kitob o‘qib ko‘rmagan. “Biror kitob ayting o‘qishga, ishxonadan har oy kitob o‘qinglar deb majburiy qilib qo‘yishdi”, dedi...

Men kitoblarni yaxshi ko‘raman, hatto umrida kitob ushlab ko‘rmagan, biror narsani muhokama qila olmaydigan odam bilan qanday qilib butun umrga hayotimni bog‘lashim mumkin. Qat'iy qarshilik qilganim uchun hozir oilamdagilar mendan xafa.

“Kerakli xulosa chiqarishmayapti...”

Qarindoshlar o‘rtasida bir urug‘dan bo‘lgani uchun qiz berish, qiz olish holatlari ko‘p uchraydi. Shu sabab qarindoshlarimizdan birining 14 yoshli bolasi nogiron, jismoniy va aqliy jihatdan yaxshi rivojlanmagan. Lekin, ajablanarlisi, kattalar bundan kerakli xulosani chiqarib olmagan.

Bundan tashqari, yaqin qarindoshlar quda bo‘lib o‘rtadagi nizo sabab munosabatlari butunlay uzilib ketganlar ham bor. “Qarindoshlik rishtalarini yana ham mustahkamlash uchun...” deb quriladigan oilalar rishtalar uzilib ketishiga sababchi ham bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid