O‘zbekiston | 15:50 / 01.11.2021
1894
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatining 526 ta mahallasida hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi

Xorazm viloyatida mahallaning o‘zida turib, barcha masalalarni hal qilish maqsadida respublikada ilk marotaba tajriba tariqasida hokim yordamchisi lavozimi joriy etilyapti.

Shu maqsadda, viloyat hokimligi tomonidan 526 ta mahalladagi hokim yordamchisi lavozimiga ochiq tanlov e'lon qilindi.

Nomzodga qo‘yiladigan asosiy talablar: oliy ma'lumotli, iqtisodiyot sohasida yetarli mehnat stajiga ega bo‘lish, mahallaning shart-sharoitini yaxshi bilishi, tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ega bo‘lish.

Hokim yordamchisining asosiy vazifalari: mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini aniqlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘rish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta'minlash. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar ajratish. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam ko‘rsatish va mahallaning rivojlanishiga doir dasturlar ijrosini nazorat (monitoring) qilish. 

Hokim yordamchisi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

- Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit ajratish uchun kredit resurslari limiti ixtiyori beriladi;

- Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ishsiz fuqarolar uchun asbob uskunalar va mini texnologiyalar xarid qilishga har bir mahallaga subsidiya uchun kupon beradi;

- Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga fuqaroni jalb qilish uchun har bir mahallaga kupon beradi;

- Har bir mahallada fuqaroni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun vaucher beradi;

- Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit, subsidiyalar, moddiy yordam va nafaqalar ajratish uchun xulosa beradi;

- «Ijtimoiy shartnoma»larni imzolash hamda shartnoma shartlarining bajarilishini ta'minlaydi.

Nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan e'tiboran milliy kadrlar zahirasiga kiritilib, mehnat faoliyatining natijadorligiga ko‘ra lavozim bo‘yicha o‘stirib boriladi.

Hokim yordamchisi lavozimi joriy etilgandan boshlab, tuman, shahar, viloyat, Respublika rahbar lavozimlariga nomzodlar faqat va faqat hokim yordamchisi lavozimida samarali mehnat ko‘rsatayotgan kadrlardan tanlab olinadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid