O‘zbekiston | 15:53 / 03.11.2021
7454
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqidlardan so‘ng: Sardoba toshqinidan talafot ko‘rgan fermerlarning zararlari to‘lab berildi

Ro‘y berganiga bir yarim yil bo‘lgan bir paytda, nihoyat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlaridagi 121 ta fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zararni qoplash boshlandi.

Foto: KUN.UZ

Jami 161 ta bog‘dorchilik va poliz ekinlari bo‘yicha fermerlar va tadbirkorlar uchun ajratilgan 23 milliard 700 million so‘m mablag‘ Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida fermerlarning hisob raqamlariga to‘liq tushirib berildi.

Bu haqda Kun.uz'ga ma'lum qilgan Sirdaryo viloyati hokimligiga ko‘ra, Sardoba tumanidagi hisob-kitob ishlari joriy hafta yakunlanishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha:

  • Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 65 ta fermer xo‘jaligi va tadbirkorlar uchun 18 milliard 112 million so‘m;
  • Sardoba tumanidagi 56 ta sub'yektga 3 milliard 260 million so‘m;
  • Oqoltin tumanidagi 40 ta sub'yektga esa 2 milliard 328 million so‘m mablag‘ tuman mahalliy budjetidan ajratilgan.

Kun.uz bilan gaplashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham bank hisobraqamlariga Sardoba toshqini natijasida yetkazilgan zarar summalari tushirib berilganini tasdiqladi.

Joriy yil sentabr oyida bog‘dorchilik va poliz ekinlari ekish bilan shug‘ullanuvchi 100 dan ortiq sirdaryolik fermer Kun.uz'ga murojaat qilib, “Sardoba” toshqini taxminan 2 ming gektar maydondagi hosilni oqizib, yerlarni o‘nglab bo‘lmas holga keltirganini ma'lum qilgan. Qariyb bir yarim yildan buyon zararlari qoplab berilmagan fermerlar, shuningdek, soliqchilar tinmay bezovta qilayotganini ham ta'kidlagandi.

 

Oradan bir necha hafta o‘tgach, fermerlar Sirdaryo viloyati Moliya boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tuman hokimligi binosiga chaqirilgan. Fermerlar bilan suhbatlashgan viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i va boshqa mas'ullar ularga baholash tashkiloti xulosasidagi zarar summasidan ancha past pul taklif qilgan.

Holatga izoh bergan Sirdaryo viloyati Moliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Rahimov baholash tashkiloti chiqarib bergan summa tavsiyaviy xarakterga ega ekanini, fermerlarga faqat yetkazilgan zarar summasi qoplab berilishini aytgan. Fermerlar tomonidan boy berilgan foyda va summa bo‘yicha boshqa holatlar sud tartibida hal qilinishi ma'lum qilingan.

Mas'ullar bilan suhbatdan so‘ng barcha fermer xo‘jaliklari Moliya boshqarmasi tomonidan taklif qilingan summaga ham rozi ekanliklarini bildirib, tushuntirish xati yozib berishgan.

Shuningdek, joriy yil 24 sentabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan, “Sardoba” toshqinidan zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari berishga doir qonun loyihasida ham bir yarim yildan buyon pulini ololmayotgan sirdaryolik fermerlar tushib qolgan edi.

Moliya vazirligi mas'uli toshqindan zarar ko‘rgan boshqa fermerlarga ham imtiyoz qo‘llash bo‘yicha deputatlar taklif kiritishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid