Jahon | 09:43 / 05.11.2021
5639
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Saudiya Arabistoniga 650 million dollarlik qurol sotishni ma'qulladi

Foto: tekdeeps.com

AQSh davlat departamenti Saudiya Arabistoniga 650 mln dollarlik qurol sotishni ma'qulladi. Ar-Riyod Vashingtondan o‘rta masofalarga mo‘ljallangan “havo-havo” turidagi 280ta raketa, 600ta relsli pusk bazalari hamda qo‘shimcha qurilmalar sotishni so‘ragan.

2018 yil oxirida AQSh senati Saudiya Arabistonini Yaman bilan qurolli ixtilofda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saudning jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi rezolyutsiyani qabul qilgan.

Biroq o‘shanda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga qurol sotishni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyaga taqiqlov qo‘ygan va saudiyalik shahzodaning jurnalist o‘limiga aloqadorligi ma'lum bo‘lgandan keyin ham podshohlikka qurol sotishni davom ettirgan.

2021 yil fevralida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken amaldagi prezident Jo Bayden Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik AQSh qadriyatlarini aks ettirishi kerakligini aytganini ma'lum qilgan. Blinkenning ta'kidlashicha, Vashington “Saudiya Arabistonining faollar, dissidentlar va jurnalistlarga hujum qilishlariga chek qo‘yish zarurligini” aytgan.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden o‘sha oyda Saudiya Arabistonining Yamandagi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid