O‘zbekiston | 20:37 / 18.11.2021
31047
2 daqiqa o‘qiladi

Akmalxo‘ja Mavlonov rasman Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi

Yana bir bosh prokuror o‘rinbosari Davlat bojxona qo‘mitasi rahbarligiga o‘tdi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Deputatlar bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Yusupovich Mavlonov nomzodini Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimi uchun ma'qullashdi.

«Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a'zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

2021 yil 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga Akmalxo‘ja Mavlonov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma'qulladilar», deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.

Shundan so‘ng, prezident farmonlari bilan Akmalxo‘ja Mavlonov Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Prezident matbuot kotibining xabar berishicha, unga «Bojxona xizmati general-mayori» maxsus unvoni berilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasiga 2018 yil fevralidan buyon rahbarlik qilib kelgan Murodjon Azimov (u ham bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari) bugun Qashqadaryo viloyati hokimligiga tayinlangandi.

Akmalxo‘ja Mavlonov 1975 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, huquqshunos. 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

U turli yillarda Marg‘ilon shahar prokurori, Sirdaryo viloyati prokurori birinchi o‘rinbosari, Xorazm viloyati prokurori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018 yil avgust oyida bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlangan. 2019 yil iyunidan 2020 yil kuzigacha Namangan viloyati prokurori bo‘lgan, 2020 yil oktyabrida bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga qaytgandi.

Mavzuga oid