Sport | 17:53 / 20.11.2021
8115
7 daqiqa o‘qiladi

Arteta barchasini o‘zgartirishi mumkin. «Liverpul» «Arsenal»dan qo‘rqishi uchun 8 sabab

Foto: Getty Images

Angliya Premer-ligasining 12-turida «Liverpul» va «Arsenal» o‘zaro kurash olib boradi. Bir qaraganda jamoalar o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rinib, «Liverpul»ning ustunligini taxmin qilish osondek. Lekin barchasi siz o‘ylagandek oson emas. «To‘pchilar» 11ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib kelishmoqda va ushbu bellashuvlarning 9tasida London klubi g‘alabaga erishdi. «Liverpul» esa so‘nggi turda «Vest Hem» bilan bahs olib borib, 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Demakki, oldinda kutib turgan bellashuvda intriga yetarli. Ha, mersisaydliklar baribir favorit. Lekin «Arsenal»dan ham xavf kutishga asoslar yetarli. Keling, Artetaning ustun jihatlarini chamalab ko‘ramiz.

Bosimdan xoli

Foto: Getty Images

Premer-liga joriy mavsumining ilk turlaridagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, Mikel Artetaning klubdagi kelajagi katta so‘roq ostida qolib ketdi. Umuman olganda, UYeFAning birorta turniriga litsenziya olib bera olmagan murabbiydan klub muxlislari allaqachon norozi edilar. Lekin «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvdagi yirik mag‘lubiyat Artetaning esini kiritib qo‘ygandek. Shundan buyon «kanonirlar» APLda 8ta bellashuvda ishtirok etishdi va 24ta imkoniyatdan 20 ochko jamg‘arishdi. Orada Mikel oy murabbiyi ham bo‘lib oldi. Endi jamoa «Liverpul»ga qarshi anchadan beri his qilmayotgani xotirjamlik bilan maydonga tushib kelishi mumkin.

Ko‘cha xandon — uy zindon

Foto: Getty Images

Mo‘jizaviy «Enfild» haqidagi ertaklar hozir kuchini yo‘qotgan. 2017 yilning mayidan 2021 yil yanvarigacha 68ta bellashuvda o‘z uyida yutqazmagan «Liverpul» joriy yil «Enfild Roud»da u qadar katta muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Yurgen Klopp shogirdlari APL doirasida o‘z maydonida so‘nggi bor 18 sentyabrda zafar quchishga erishgandi.

Mersisayd klubining 22 ochkosidan 13tasi safarda qo‘lga kiritilgan. O‘z uyida 10ta gol urgan «qizillar» qolgan 21ta golini mehmonda kiritgan.

2012 yildan buyon «Liverpul»ni APL doirasida mehmonda yenga olmayotgan «Arsenal» uchun bu yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Jismoniy tayyorgarlik

Foto: AP

Bir narsa aniqki, «Liverpul» ushbu bellashuvga to‘liq tarkib bilan kelmayapti. Jamoaning yuqori formada bo‘lmagan futbolchilari 8tadan kam emas: Harvi Elliot, Jordan Henderson, Sadio Mane, Jyeyms Milner, Nabi Keyta, Jo Gomes, Kyortis Jon, shular jumlasidan.

Klopp Shotlandiya milliy jamoasining Daniyaga qarshi bellashuvida jarohat orttirib olgan Endryu Robersonning holati bo‘yicha yakuniy qarorni eng so‘nggi pallada qabul qiladi.

Bobbi o‘yindan tashqarida

Foto: Getty Images

Jamoaning so‘nggi uchrashuvlardagi asosiy qahramonlaridan biri bo‘lib turgan Roberto Firminoning jarohati esa alohida mavzu. Shuning uchun ham, unga alohida to‘xtalishga qaror qildik. Ayni paytdagi «Liverpul» tarkibida «Arsenal» darvozasiga Firminodan ko‘p gol urgan futbolchi yo‘q (8ta).

Ha, xavf boshqa tomondan ham kelishi mumkin. Muhammad Saloh ham London klubiga qarshi yaxshi statistikaga ega (7ta gol, 2ta assist). Jamoaning yana bir yetakchi hujumchisi Sadio Manening holati ham yaxshi emas. Demak, bor umid «Misr shahzodasi»dan.

Emil omili

Foto: Getty Images

So‘nggi bellashuvlarda «Arsenal»ning asosiy futbolchisi sifatida namoyon bo‘layotgan Emil Smit-Rou milliy jamoa yig‘inida ham yaxshi ishtirok etdi. Mavsum avvalida 10-raqamli futbolka ishonib topshirilgan Emil bunga to‘la loyiq ekanini isbotlay olmoqda.

Angliyaning San-Marinoga qarshi o‘yini Harri Keynga atalgan bo‘lsa-da, ushbu bellashuvda Smit-Rou ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga erishdi. Endi «Arsenal» muxlislari Emildan katta o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatishini kutishmoqda. «Liverpul»ga qarshi APL o‘yini buning uchun katta imkoniyat.

Super Ramzdeyl

Foto: Getty Images

«Manchester Siti»ga qarshi bellashuvdan so‘ng, jamoa o‘yini shunchaki o‘zgarib qolmadi. Darvozabon Bernd Leno zaxiraga mixlandi va uning o‘rniga Aaron Ramzdeyl asosiy posbonga aylandi. Oyoq bilan yaxshi o‘ynay olmaydigan Lenoda reaksiya ham Ramzdeylchalik emasdek ko‘rinib qoldi.

Joriy mavsum londonliklar safida Premer-ligada o‘tkazgan 8ta bellashuvida ingliz kiperi 5ta «quruq» o‘yinni o‘tkazdi va ushbu uchrashuvlarda 4ta gol o‘tkazib yubordi, xolos.

«Arsenal» so‘nggi 9ta mehmon o‘yinining 6tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.

Noqulay London

Foto: Getty Images

«Liverpul» joriy mavsum faqat londonliklar bilan kurashayotgandek. Turnir jadvali peshqadami «Chelsi» allaqachon mersisaydlardan 4 ochko oldinda. FIFA kunlari oldidan o‘tkazilgan so‘nggi turda «Liverpul» «Vest Hem»ga mag‘lub bo‘lib, «bolg‘achilar»ni ham o‘zidan oldinga qo‘yib yubordi.

Bundan tashqari, liverpulliklar London klublariga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi 5 uchrashuvning bittasidagina g‘alabaga erishishdi.

Eski tanishlar

Foto: Getty Images

Klopp bugungi bellashuvda o‘z uslubini juda yaxshi o‘zlashtirgan shogirdiga qarshi bahs olib boradi. Per-Emerik Obameyang «Borussiya Dortmund»da Klopp kashf etgan iqtidor egalaridan biri. Nemis mutaxassisi qo‘l ostida yosh Per 93ta o‘yin o‘tkazib, 41ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. U Yurgen jamoalari hujumchilariga xos pressingda faol va bosim o‘tkazishni yaxshi uddalaydigan futbolchi. U joriy mavsum Premer-ligadagi barcha hujumchilardan ko‘proq pressingda ishtirok etgan (374 marotaba). Demakki, van Deyk va uning sheriklariga bugun ancha qiyin bo‘ladi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid