O‘zbekiston | 16:50 / 03.12.2021
30621
11 daqiqa o‘qiladi

Lotin alifbosi islohoti haqida 10ta xato tushuncha

So‘nggi kunlarda bir mavzu ko‘p muhokama qilinmoqda. Bu - isloh bo‘layotgan lotin yozuvi masalasi.

To‘g‘ri, har qanday kishi istagan mavzusi yuzasidan fikr bildirishga haqli. Ammo bu mavzu atrofida yolg‘on, haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan axborotlar ham tarqatilmoqda. Bu esa jamoatchilikda turli yanglish fikrlar uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda.

Bugun lotin alifbosi islohoti haqida 10ta mif haqida gaplashamiz. Ma'lumotlar sizga mavzu borasida to‘g‘ri xulosa chiqarishga yordam qiladi.

1-mif: «Yana yangi alifbo qabul qilinmoqda...»

Bu borada atama va talqinlar noto‘g‘ri qo‘llanmoqda. Masalan, lotin yozuvi atamasi o‘rnida lotin tili, alifbo islohi ifodasi o‘rnida alifboni yangilash kabi.

Aslida alifbo yangilanmayapti, faqat takomillashtirilmoqda. Kimdir emas, bu ish ustida yuzdan ortiq filolog-olimlar ikki yildan ziyod mehnat qilishdi. Olimlar jahon va mahalliy tajribadan kelib chiqib, alifboni qulaylashtirmoqda.

Axir, shundog‘am qulaylik uchun «o‘» harfi o‘rniga «6» sonini, «sh» harfi o‘rniga « (dablyu) harfini, «ch» harfi o‘rniga « sonini yozib yurgan yoshlar kammi?

Qolaversa, takomillashtirilayotgan harflar hatto almashtirilmayapti, digrafli harflarning bir belgisi olib tashlanyapti, xolos. «O‘» va «G‘» harflari esa yozma ko‘rinishi qanday bo‘lsa, bosma shakli ham shu ko‘rinishga keltirilmoqda. Qolgan 25ta harf esa qanday bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda.

2-mif: Alifbo o‘zgarsa, millionlab kitoblar, darsliklar ham qaytadan chop etiladi.

Yo‘q, barcha kitoblarni qayta nashr etishga hojat yo‘q.

Isloh qilinayotgan alifboda faqat yangi chop etiladigan kitob, gazeta va jurnallar nashr etiladi. Chunki isloh qilinayotgan harflar taklif etilayotganlaridan tubdan farq qilmaydi. Eskilarini ham bemalol o‘qish mumkin.

Hozir onlayn kitoblar tobora ommalashmoqda. Eski onlayn kitoblarni yangi imloga o‘tkazish esa unchalik qiyin ish emas.

3-mif: Respublika bo‘ylab barcha peshlavhalar, joy nomlari qaytadan yasaladi.

Barcha joy nomlari emas, faqat Õ Ñ Ğ Ş Ç harflari ishtirok etgan joylarda o‘zgaradi. Masalan, Toshkent, Chirchiq, Qashqadaryo joy nomlarining yozilishi o‘zgaradi, Andijon, Namangan, Buxoro va Samarqandda esa o‘zgarmaydi.

Peshlavhalarda ham shu. Faqat almashayotgan harflar ishtirok etganlari o‘zgartiriladi.

4-mif: Barcha hujjatlar qaytadan chop etiladi va almashtiriladi.

Faqat yangi chop etilayotgan hujjatlar o‘zgarayotgan imloda nashr qilinadi. Eskilari muddati tugaguncha amalda bo‘laveradi. Masalan, avval berilgan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, diplom kabi hujjatlarni o‘zgartirishga aslo hojat yo‘q.

Kirillchadan lotinchaga o‘tilgach, barcha hujjatlar darhol bekor bo‘lgani yo‘q. Sekin-asta muddati kelganda bosqichma-bosqich yangilanib borildi. Bunda ham xuddi shunday bo‘ladi.

5-mif: Pulni qayta chop etishga to‘g‘ri keladi.

Yo‘q, pulni qayta chop etishga hojat yo‘q. Faqat yangi chop etilib, muomalaga kiritiladigan pullar tuzatilgan imloda bosiladi. Eskilari yaroqlilik muddatiga qarab yig‘ishtirib olinaveradi. Masalan, yozuvlari kirillchada bo‘lgan 1000 so‘mlik kupyura hamon amalda-ku?

6-mif: Alifbo o‘zgarishi juda katta xarajatlarga sabab bo‘ladi. Odamlarni qayta o‘qitishga milliardlar sarflanadi.

O‘zgarishda albatta, xarajatlar bo‘ladi. Lekin bu xarajatlar har doimgi xarajatlardan farq qilmaydi.

Chunki o‘zgarish eng avvalo maktablardan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ommaviy axborot vositalari birinchilardan bo‘lib tuzatilgan imloni qo‘llay boshlaydi va aholi o‘rtasida targ‘ib qiladi.

Isloh qilinayotgan alifbo juda tejamkor bo‘lmoqda. Olimlarga ko‘ra, yozilgan matnlar kirillchadagidan ko‘ra 15 foizgacha qisqaradi.

O‘zMU magistranti Sadriddin Shams o‘tkazgan tajribaga qarang.

U Teodor Drayzerning «Amerika fojiasi» kitobi misolida kirill, amaldagi lotin yozuvi va harflar isloh qilinsa, matn hajmida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini sinab ko‘rdi.

Kirill alifbosida kitob 450 varaqdan iborat. Xuddi shu asar amaldagi lotin alifbosiga o‘tkazilganda 420 varaqqacha qisqardi. Farq — 30 varaq.

Muallif tajribani davom ettirib, lotin alifbosidagi sh, g‘, o‘, ch harflarini – taklif qilinayotgan ş, ğ, õ, ç harflariga ham o‘zgartirib ko‘radi.

Natija esa 404 sahifa. Ko‘ryapsizmi, birgina asarni o‘zida 46 varaq tejab qolinmoqda!

7-mif: Hozirgi lotincha alifbo qulayroq.

To‘g‘ri, amaldagi alifboga ko‘pchilik yoshlarimizning ko‘zlari o‘rgangan, lekin hozirgi alifbodan foydalanib kompyuterda to‘g‘ri va qoidali qilib matn terish amalda imkonsiz. Siz matnni yo avval kirillchada yozib olasiz, yoki matn terilgach so‘ng uni to‘g‘rilovchi dasturlar yordamida to‘g‘rilab chiqishga majbur bo‘lasiz.

Ayni shu sabab hozir ijtimoiy tarmoqlarda hamma to‘liq noto‘g‘ri simvollardan foydalanmoqda.

Skeptiklar har qanday yangilikni noto‘g‘ri qarshi olishadi. Alifboni isloh qilishdan hech kim moddiy manfaat ko‘zlayotgani yo‘q. Bu biznes emas. Balki shunchaki taraqqiyot va takomillashish zarurati, ehtiyoji.

8-mif: Klaviatura muammosi.

Isloh qilinayotgan alifboni standart QWERTY klaviaturaga joylashtirishning qiyin joyi yo‘q. Masalan, rus grafikasidagi alifbomizning harflari ko‘proq, lekin ularning barchasiga joy topilgan-ku?

Klaviatura hatto xitoy iyerogliflarni ham bera oladi. Qolaversa, hozirgi o‘zbek kirill alifbosi klaviaturada qanday joylashganiga yana bir diqqat qilib ko‘ring. Noutbukning lotin harfli klaviaturasida 10 ta bo‘sh joy borligini kuzatganmisiz? Kompyuterlar klaviaturasida bu imkoniyat yanada kengroq.

Albatta, isloh qilingan alifbo qabul qilinsa iOS, Android, Windows kabi operatsion tizimlar darhol yangi o‘zbekcha imlo uchun klaviatura taqdim etishadi.

9-mif — isloh qilinayotgan harflar Turkiyadan ko‘chirma.

Ko‘pchilik tuzatilayotgan imlodagi «Ş» va «Ç», qolaversa, «Ğ» harflarini ko‘rib, shunday xulosaga borishmoqda.

Birinchidan, alifbodan o‘rin olishi ko‘zda tutilgan «Õ» va «Ñ» harflaridan Turkiya foydalanmaydi. Faqat o‘zbek tiliga xos harflar bo‘ladi.

Ikkinchidan, «Ş», «Ç» harflaridan o‘zbek xalqi avval ham 1940 yilgacha bo‘lgan lotincha alifbomizda ham foydalangan. Biz uchun ular begona emas.

Isloh qilinayotgan harflar orasida «G‘» ni ifodalovchi «Ğ» simvolidan esa faqat turklar emas, butun turkiy xalqlar: ozar, qozoqlar, qrimtatarlar ham foydalanishadi. Bu borada UNICODE simvollar tizimida «Ğ»dan bo‘lak keng tarqalgan, mosroq va ma'qulroq simvolning o‘zi yo‘q.

Isloh qilinayotgan 3 tagina umumiy harf bilan o‘zbek alifbosi turk alifbosi bo‘lib qolmaydi. Aksincha, agar «H» va «X» harflari birlashtirilsa, «NG» va «Q» tovushlarini ifodalovchi harflardan voz kechilsa, yoki turklardagidek qisqa «I» va yumshoq «O‘» va «U» uchun qo‘shimcha harflar joriy etilganida bu iddao asosli bo‘lishi mumkin edi.

10-mif: Kirill alifbosi – dunyo alifbosi

Alifbo islohotiga qarshilarning ayrimlari kirillchaga qaytish taklifi bilan chiqmoqda. Lekin avvalo kirill alifbosi dunyo alifbosi emas. Undan jahondagi 12ta davlat foydalanadi va ularning barchasi Rossiya ta'siri ostidagi davlatlar. Qozog‘iston lotincha imloga o‘tsa, bunday davlatlar 11ta qoladi. Lotin alifbosidan esa dunyoning 100dan ortiq davlatida foydalaniladi.

Shu jihatdan ham lotin imlosi kirillchadan har jihatdan qulay. Hatto kirill alifbosidan foydalaniladigan xalqlarda ham dasturlash ishlari, hatto sayt va fayllar nomlari ham lotin harflarida. Bu kirill alifbosi dasturiy alifbo, demakki axborot asri yozuvi emasligini bildiradi.

Shuningdek, rus grafikasiga asoslangan alifboda millatimizning asl tovushlaridan bo‘lgan «ng» uchun harf belgilanmadi. Rus tilida bu tovush bo‘lmagani uchun biz ham alifbomizda unga harf bermadik. Bu illat dastlabki lotin alifbosiga ham ko‘chib o‘tdi.

Natijada, nafaqat o‘quvchilar, balki katta yoshdagi ziyolilar ham NG tovushi qatnashgan so‘zlarni o‘qish va bo‘g‘in ajratib yozishda hamon adashib kelmoqda. Bu savod chiqarishga ham ta'sir etib keldi.   

Kirillchaga qaytish lotinchani isloh qilishdan ham ko‘ra ko‘proq xarajatlar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi. Qolaversa, savodi kirillcha alifboda chiqqan keksa avloddan uch barobar ko‘p bo‘lgan lotincha o‘qigan yoshlar bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Bizda imlo baribir lotincha bo‘ladi. Faqat uni qulay qilib tuzatib olishimiz lozim.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, ozarlar, turkmanlar bir deganda o‘tib ketgan, qozoqlar esa tizimli ravishda besh yilda amalga oshiramiz deyotgan lotinlashtirish bizda 30 yildirki «tuya go‘shti yeb yotibdi». Beshta harfni isloh qilolmay, lotinga to‘liq o‘tolmay, yana necha yil bahslashib yuramiz? Uyat bo‘lmaydimi?

Ilyos Safarov

Mavzuga oid