Jahon | 18:51 / 29.05.2023
10031
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiy xalqlarning o‘xshash alifbosini qabul qilish taklif etildi

Turk dunyosi umumiy alifbosi bo‘yicha komissiya lotin alifbosi turli turkiy xalqlar vakillari uchun o‘zaro tushunarli bo‘lishini istaydi. 

Foto: Kazinform

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Turk dunyosi umumiy alifbosi bo‘yicha komissiyaning birinchi yig‘ilishi boshlandi. Komissiyaning vazifasi lotin alifbosiga o‘tish davrida takliflar to‘plamini ishlab chiqishdan iborat, deb xabar berdi Kazinform.

«Yangi alifboga o‘tish har doim davlatning ichki ishi hisoblanadi. Har bir davlat bu muammoni o‘zi hal qiladi. Bizning vazifamiz - takliflar paketini ishlab chiqish. Agar turkiy davlatlardan birortasi shunday qarorga kelsa, bu tavsiyalar asosida alifboning eng maqbul, oqilona variantini tanlash mumkin. Albatta, har bir davlat qaysi alifboni qanday shaklda qabul qilishni mustaqil hal etadi. Ammo agar barcha davlatlar lotin alifbosiga o‘tsa, unda biz alifbolar imkon qadar bir-biriga yaqin, turli turkiy xalqlar vakillari uchun o‘zaro tushunarli bo‘lishini istaymiz», dedi Turkiy tillar akademiyasi prezidenti Shayn Mustafoyev.

U turkiy xalqlarning bir necha asrlar davomida arab alifbosidan foydalanganini misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hamma uchun tushunarli edi. Shu asosda ziyolilar alifbo o‘xshashligi tufayli turli turkiy davlatlarda nashr etilgan kitob va asarlarni bemalol o‘qiy olgan.

«Bugungi kunda alifbolar bir-biridan keskin farq qilsa, xalq uchun boshqa xalqlar adabiyotini, matbuot xabarlarini, umumiy yozma madaniyatini tushunish juda qiyin bo‘ladi. Agar bu alifbolar o‘xshash bo‘lsa, u holda aloqa yaqinroq bo‘ladi va munosabatlar erkin bo‘ladi. Bu xalqlarning madaniy yaqinlashuviga, turkiy dunyoning madaniy integratsiyalashuviga imkon beradi», dedi Shayn Mustafoyev.

U turkiy xalqlar alifbosini lotin alifbosiga o‘tkazish muammosi XІX asr oxiri XX asr boshida ko‘tarilganini eslatdi. 1926 yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan birinchi turkologik qurultoyda turkiy xalqlarni lotin alifbosiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. 1939-1940 yillargacha sobiq Ittifoqning barcha musulmon xalqlari lotin alifbosidan foydalangan. Biroq keyinchalik kirill alifbosiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid